Quyida eng muhim hisoblayotganimiz 10 transferning plyus va minuslari haqida gaplashamiz. Albatta, bu transferlardan ko‘ra ko‘proq pul sarflangan, e’tiborliroq boshqa xaridlar ham bor, ammo biz aynan o‘yinga ta’siri, jamoa darajasini bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarishi mumkin bo‘lgan nomlarga to‘xtalishga qaror qildik. O‘nlikdagi aksariyat futbolchilar 26-27 yoshda, ya’ni kelajak uchun emas, hoziroq jamoani kuchaytirishga mo‘ljallangan transferlar.

MATeUS KUNYa

26 yosh. «Vulverhempton»dan «Manchester Yunayted»ga – 74 million yevro

Plyus: Kunya u qadar katta bo‘lmagan vaqt mobaynida juda ko‘p jamoalarni almashtirgan, Ispaniya va Germaniyada ham o‘ynashga ulgurgan bo‘lsa-da, tom ma’noda so‘nggi ikki mavsumda, ya’ni Angliyada ochildi. So‘nggi ikki mavsumda 31 gol va 14 assist – o‘rtamiyona jamoa vakili uchun katta natija. Agar ushbu ko‘rsatkichlarning ma’lum qismini yangi jamoasiga ko‘chira olsa ham ancha foydali bo‘ladi, zero «MYu» tarkibida faqat Bruno Fernandeshgina shu oraliqda yaxshiroq ko‘rsatkichga ega.

«Manchester Yunayted»ning avvalgi transfer siyosatidagi eng o‘zini oqlamagan jihat – APL tajribasiga ega bo‘lmagan futbolchilarga bo‘lgan ishonch edi. Kunyagacha klub amalga oshirgan 20 transferdan atigi bittasi (Maunt) APL jamoasidan bo‘lgandi, xolos. Tabiiyki, tempga dosh bera olmaslik, adaptatsiya muammolari shundog‘am muammoli jamoada ko‘proq bo‘y ko‘rsata boshlar va oqibatda transfer muvaffaqiyatsiz chiqar edi. INEOS va Amorim kelganidan keyin kurs o‘zgardi.

Yana bir muhim faktor – «Vulverhempton» so‘nggi mavsumda 3-4-2-1, aynan «MYu» sxemasiga yaqin taktikada to‘p surdi va Kunya ham mana shu sxemada samarali o‘yin ko‘rsatdi. «O‘nlik» pozitsiyasida Garnacho, Reshford, Maynu, hatto Bruno bilan ham muammolarga duch kelgan Amorim uchun bu jihat hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan.

Minus: Kunya «Vulverhempton»da eng asosiy yulduz edi va har bir hujum aynan uning ishtiroki bilan bo‘lgan. Risk qilish huquqi ham Kunyada edi. Qisqasi, Brunoning «MYu»dagi roli. Yangi jamoada tabiiyki, bunday bo‘lmaydi. Vazifalar taqsimlanishi, Kunyaga avvalgidan kichikroq hududda, muayyan funksiya berilishi, yanada tartibliroq harakatlanish talab qilinishi mumkin. Bu shartlarda futbolchi o‘zini qanday ko‘rsata oladi, noma’lum.