Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hukumatning dori vositalari bilan ta'minlash bo‘yicha yangi qarori qabul qilinadi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Davlat tibbiyot tashkilotlarini va respublika aholisini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasini boshqarish samaradorligini va “O’zmedimpeks” davlat unitar korxonasining moliyaviy barqarorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 849-sonli qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga ajratilgan 300 mlrd. so‘m miqdoridagi foizsiz budjet ssudasining:
15,0 mlrd. so‘mi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytarilgan;
26,5 mlrd. so‘mi “O’zmedimpeks” davlat unitar korxonasi tomonidan 2019 yilning 1 apreligacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga o‘rnatilgan tartibda qoplanadi;
258,4 mlrd. so‘mi “O’zmedimpeks” davlat unitar korxonasi olib kelgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan xarid qilishga bo‘lgan ehtiyojning asoslangan hisob - kitoblari asosida davlat tibbiyot tashkilotlariga sotish orqali kelib tushgan mablag‘lardan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytariladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan xarid qilishga bo‘lgan ehtiyojning asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha tasdiqlanadigan ro‘yxat va taqsimotga asosan 2019 yil davlat budjeti parametrlari doirasida, shuningdek zarur hollarda mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalariga dori vositalari va tibbiyot buyumlari uchun zarur mablag‘lar ajratilishini;
davlat tibbiyot tashkilotlari xarajatlari smetalarida dori vositalari va tibbiyot buyumlari uchun rejalashtirilgan budjet mablag‘larini hududiy sog‘liqni saqlash organlariga xarajatlar smetasining tegishli satriga jamlanishini ta'minlaydi.
Bunda davlat tibbiyot tashkilotlari kesimida dori vositalari va tibbiyot buyumlarining yillik ehtiyojidan ortiqcha zaxirasi yaratilishi va buning natijasida davlat tibbiyot tashkilotlarining boshqa turdagi zarur dori vositalari va tibbiyot buyumlarini xarid qilishga mablag‘larning yetishmovchiligini vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan hisob-kitoblarga asosan “O'zmedimpeks” DUK tomonidan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini davlat tibbiyot muassasalariga saqlash va yetkazib berish xarajatlarini qoplash uchun respublika budjetidan zarur mablag‘lar ajratilishini ta'minlaydi.
Vazirlar Mahkamasining “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasini boshqarish samaradorligini va “O’zmedimpeks” davlat unitar korxonasining moliyaviy barqarorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 22 oktyabrdagi 849 -son qarori 8-bandining to‘rtinchi xatboshidagi “martgacha” so‘zi “iyulgacha” so‘zi bilan almashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda endokrinologik kasalliklarga chalingan hamda buyrak va jigar transplantatsiyasi jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan bemorlarni dori vositalari bilan uzluksiz ta'minlash maqsadida, sog‘liqni saqlash muassasalarining xarajatlar smetasida mazkur tadbirlar uchun ko‘zda tutilgan budjet mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining xarajatlar smetasida jamlash orqali, markazlashgan holda xarid qilishga ruxsat beriladi.
Mavzuga oid
11:35 / 10.06.2026
Qariyb 900 mln so‘mlik sifatsiz va hujjatsiz dorilar aniqlandi
08:15 / 04.06.2026
2030-yillarda yangi tish o‘stiruvchi dori bozorga chiqishi mumkin
17:11 / 19.05.2026
Andijonda qo‘lbola tarzda dori vositalari ishlab chiqarayotgan yashirin sex fosh etildi
21:30 / 24.04.2026