O‘zbekiston | 11:52 / 04.02.2019
7053
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryodagi Ichki ishlar bo‘limlarida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor lavozimi joriy etildi​

Toshkent shahri tajribasidan kelib chiqib, Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tizimida 11 ta tuman, shahar ichki ishlar bo‘limlarida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor lavozimi joriy etildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 dekabrdagi «Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining ijrosi yuzasidan 2019 yil 26 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri  Po‘lat Bobojonov raisligida Sirdaryo viloyatida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta'minlash masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.  

Shu yig‘ilishda poytaxt tajribasini Sirdaryoda ham tatbiq etish, ya'ni barcha ichki ishlar bo‘limlarida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor lavozimini joriy etish taklif etildi. 

Ma'lum qilinishicha, 31 yanvar kuni viloyat hokimligida viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi va Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda tuman va shahar ichki ishlar bo‘limlarida tashkil etilgan xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlari  tuman, shahar xotin-qizlar raislari bilan tanishtirildi. Shuningdek, ularning kelgusi faoliyatlarida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Eslatib o‘tamiz, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh joriy yilning 24-26 yanvar kunlari Sirdaryo viloyatida ahvolni o‘rganib chiqib, fuqarolarning manfaati yo‘lida jonbozlik ko‘rsatmayotgan Sirdaryo tumani IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari S.Yo‘ldoshev egallab turgan lavozimidan ozod etilgandi.​

Mavzuga oid