Urushlarga yakun yasalib, diplomatiya ishga tushishi kutilgan yigirma birinchi asrga kelib ham davlatlar va millatlar orasida hududiy ziddiyatlar davom etmoqda hamda yangi-yangi davlatlar paydo bo‘lishi hamon kuzatilmoqda. Garchi, ularning ko‘pchiligi BMT va yetakchi davlatlar tomonidan tan olinmagan bo‘lsa-da, tan olinib, davlatlar ro‘yxatiga yangi qo‘shilganlari ham talaygina.

Sharqiy Timor (2002)

Portugaliyaning sobiq koloniyasi bo‘lgan Sharqiy Timor (rasmiy nomi Timor-Leshti) 1975 yilga kelibgina mustaqillikka erishdi. Ammo ozodlik nashidasini surish ko‘pga bormadi. Oradan 9 kun o‘tib, 1975 yilning 7 dekabrida bu hudud AQSh va Avstraliya qo‘llab-quvvatlagan Indoneziya tomonidan okkupatsiya qilindi va bu davlatning 27-muzofotiga aylantirildi. Qarshiliklar shafqatsiz bostirildi, kurashlar natijasida Sharqiy Timorning 600 ming aholisidan 200 mingdan ortig‘i qirg‘in qilindi.

1999 yilga kelibgina BMT bosimi ostida Sharqiy Timorda mustaqillik bo‘yicha referendum o‘tkazilishi belgilandi va hudud aholisining 78,5 foizi Sharqiy Timor mustaqilligi uchun ovoz berdi. Lekin shunga qaramay hududda siyosiy bo‘hronlar davom etdi va 2002 yilning 20 mayiga kelibgina Sharqiy Timor mustaqil davlat maqomini oldi.

 

Qizig‘i, Sharqiy Timor gerbidagi ramzlardan biri Kalashnikov avtomatidir.

Chernogoriya (2006)

Bu sotsialistik Yugoslaviya hududidan kelib chiqqan oxirgi mustaqil davlat bo‘lib, 2006 yilning 3 iyuniga qadar Serbiya bilan konfederatsiya ittifoqida bo‘lgan. Chernogoriyaning ajralib chiqishiga serblar tabiiyki qarshi bo‘lishgan. Chunki bunday bo‘linish natijasida Serbiya Adriatika dengiziga erkin chiqish imkoniyatidan mahrum bo‘lardi. Shunga qaramay, Yevroittifoq 2006 yilning 21 mayida referendum o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Faqat bir shart bilan – hudud aholisining 55 foizi referendumda qatnashishi lozim. Lekin ko‘rsatkichlar ancha oshib ketdi: aholining 86 foizi ovoz berdi va ularning 55,4 foizi mustaqillikni yoqlab chiqdi. Aslida bungacha ham Chernogoriya o‘z valutasi va Serbiya bilan bojxona chegarasiga ega bo‘lib ulgurgan, mustaqillik referendumi faqat rasmiyatchilikka aylanib qolgandi.