Jamiyat | 20:48 / 06.02.2019
24597
6 daqiqa o‘qiladi

​Discover Invest ishchilari nimadan norozi? 

Foto: KUN.UZ

Maqola avvalidan aytib qo‘yay, «Ozodlik» radiosi saytida e'lon qilingan xabardagi Yunusobod tumanidagi qurilish obektiga Discover Invest ishchilarining umuman aloqasi yo‘q. Avtoturargohning ham bu masalaga daxli yo‘q. Haqiqat esa quyidagicha.

Yunusobod tumanida joylashgan sobiq nashriyot-poligrafiya korxonasi binosida buzish ishlari davom etmoqda. 6 fevral kuni tushga yaqin obektga kirib bordim.

Ma'lum qilinishicha, ishchilar Discover Invest kompaniyasi bilan emas, balki Building site group​ MChJ bilan mehnat shartnomasini imzolagan bo‘lib, Building site group​ quruvchilari sifatida 2018 yilning avgust oyidan buyon demontaj ishlarini davom ettirmoqda. Ularning aytishicha, har kuni issiq ovqat tushga yetkazib beriladi, nonushta va kechki ovqat yotoqxonada tashkil etiladi. Men ham ularga sherik bo‘lib, bir piyola choy ustida suhbat qilishni lozim topdim. 

«1 avgustdan beri ishlayman. Har 15 kunda maosh beriladi, aslida bir oylik haqim — 2,5 million so‘m. Bundan tashqari, o‘z istagim bilan qo‘shimcha ishlagan soatlarim uchun ham pul to‘lanadi. Masalan, katta ustalarning bir kunlik maoshi 86 ming so‘m, oddiy ishchiniki — 66 ming so‘m. Qancha ishlaganiga qarab, tabelga belgilab qo‘yiladi», — deydi ishchilardan biri. Haqiqatan suhbatimizni qizdirgan mavzu ishchilarning maoshi bo‘ldi.

Ularning ta'kidlashicha, xodimlar har qanday paytda dam olish huquqiga ega yoxud oilasini yo‘qlab kelishi mumkin. Odatda, bir oyda bir marta uyga borilayotgani bildirildi. Tabiiyki, o‘tkazib yuborilgan kunlarni qoplash maqsadida ishchilar qo‘shimcha soatlarda ishlab, maoshini ko‘paytirishni o‘ylaydi.

Chorshanba kuni Yunusoboddagi qurilish obektida ishlayotgan xodimlar tushligiga palov olib kelindi. Ovqat, non, salat va choy. Qo‘shimcha ovqat ham taklif qilinishiga guvoh bo‘ldim. Umuman olib qaraganda hech kim ish joyidan ayb topmaydi, men esa iloji boricha ularga chalg‘ituvchi savollarga berishga intildim. Ishchilarning yakdil iqroriga ko‘ra, ularning maoshidan hech qachon noqonuniy ushlab qolinmagan. Yotoqxona, 3 mahal ovqatlanish va transport xarajatlari Building site group​ kompaniyasi tomonidan qoplanadi. 

Qurilish obektining o‘zida yuvinish va hojatxona tashkil etilgan. 

«Ish vaqtimiz rasman soat 9da boshlanadi va soat 18da tugaydi. Bizni yotoqxonadan maxsus avtobus olib keladi, yana shu avtobusda ortga qaytamiz. Odatda ertalabki soat 8:30da ishga kelamiz, shuningdek, soat 18.30dan boshlab avtobusga chiqishni boshlaymiz va soat 19.15ga qolmasdan avtobus joyidan siljiydi. Yakshanba «korotkiy den» etib belgilangan», — deydi ishchilardan biri.

Building site group MChJ va ishchilar o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, haftasiga 40 soatdan oshmagan, ikki dam olish kuni nazarda tutilgan ish tartibi joriy etilishi kerak. Agar ishchi bir kunda haqiqatan 9 soatdan ishlayotgani, xususan shanba to‘liq ish kuni va yakshanba noto‘liq ish kuni etib belgilangani inobatga olinsa, bu shartnoma bandlariga zid holatdir. 

Ishchilar talabalar yotoqxonasi sifatida foydalangan binolardan birida yashaydi. U yerga ham bordim. Ochig‘i bu yerdan u qadar lyuks sharoitlar hozirlab qo‘yilganini kutmagandim. Negaki, ishchilar bir kecha tunab, yana ishga otlanayotgan maskanda boshqa sharoitlar bo‘lishi talab etiladi. Masalan, xonalarning issiqligi, choyshab va yopinchiqlar, ularning gigiyenik ahvoli, yotoqlarning joylashuvi. 

Ma'lum qilinishicha, choyshab va yopinchiq qoplamasi haftada bir marta almashtiriladi. Ishchilar esa ikki qavatli yotoqlarda uxlaydi. Ammo ayrim xonalarda yashash uchun minimal sharoit yo‘q, desa ham bo‘laveradi. Xonadan zax hidi anqib turibdi. Ayrim xonalarda esa yotoqlar ko‘p joylashtirilgani uchun erkin harakatlanish, dam olish yo choy ichishga imkoniyat qolmagan. Yotoqxona rahbariyati esa buni ishchilarning ma'naviyati, uy tutum madaniyatiga yo‘yib qo‘ydi. 

«Boshqa xonalarda gilam to‘shalgan, kiyimlar saranjom, joylari tartibga solingan. Bu kishining ong va madaniyatiga ham bog‘liq», — deydi u.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, ishchilarning yashash sharoiti yomon emas, axir ular boshqa har qanday qurilish korxonalari taklif etayotgan sharoitlardan yaxshiroq imkoniyatga ega. Yuqori ishsizlik fonida belgilangan soatlardan ko‘p ishlayotgan kishilarni ham o‘zimcha tushunganday bo‘ldim: ularni qaysidir viloyatda oilasi kutyapti, ularning quvvati bilan kelayotgan pullarga intizor boshqalar bor. Maosh esa yomon emas — 2,5 million so‘m. Shunga qaramay, tashkilotchilar, qurilish kompaniyalari o‘z ishchilariga bundan ham yaxshi yashash sharoiti yaratib berishga harakat qilsa bo‘ladi. Mavjud resurslarni to‘g‘ri boshqarib, ishchilarning dam olish maskanlarini o‘zgartirish mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid