O‘zbekiston | 13:41 / 07.02.2019
16677
7 daqiqa o‘qiladi

Maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish qoidalari tasdiqlandi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish qoidalariga ko‘ra, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari ko‘rsatish uchun tuman (shahar) hududlari biriktirilgan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish uchun tuman (shahar) hududlarini biriktirish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 sentyabrdagi 765-son qarori bilan tasdiqlangan Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish uchun hududlarni tadbirkorlik sub'yektlariga biriktirish tartibi to‘g‘risida Nizom bilan tartibga solinadi.

Tuman (shahar)lar hududlarini:

xizmat ko‘rsatuvchi xususiy tashkilotlarga biriktirish - elektron tanlov natijasiga ko‘ra, tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda elektron tanlov g‘olibi o‘rtasida tuziladigan, Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari ko‘rsatishga davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga;

xizmat ko‘rsatuvchi davlat tashkilotlariga biriktirish - elektron tanlov natijasiga ko‘ra, tegishli ravishda Qorakalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda elektron tanlov g‘olibi o‘rtasida tuziladigan, Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari ko‘rsatish shartnomasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Bunda, ushbu Qoidalar kuchga kirgunga qadar biriktirilgan hududlarda faoliyat yuritayotgan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari ko‘rsatishga davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim hamda Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari ko‘rsatish shartnomasi tanlov o‘tkazmasdan tuziladi.

Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish ushbu Qoidalar va shartnoma (bitim)larga muvofiq amalga oshiriladi.

Bunda, aholiga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasida tuziladigan shartnoma (bitim), shuningdek, jismoniy shaxslarga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish uchun xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha ommaviy shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Ko‘chmas mulkdan foydalanilganda maishiy chiqindilar paydo bo‘lishiga olib keluvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlardan foydalanish uchun mazkur ko‘chmas mulk xizmat ko‘rsatish zonasida joylashgan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bilan shartnoma tuzadilar.

Ko‘chmas mulk egasi yoki mulkdori (yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor)ning maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish uchun mo‘ljallangan maxsus avtotransport vositasi mavjud bo‘lgan taqdirda, ko‘chmas mulk egasi yoki mulkdori qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish va ko‘mish uchun ixtisoslashtirilgan qattiq maishiy chiqindi poligoniga ega bo‘lgan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bilan shartnoma tuzadi.

Hududga to‘liq xizmat ko‘rsatish uchun yuk tashish quvvatini ta'minlab beradigan, talab etiladigan miqdordagi texnik jihatidan soz chiqindi tashish mashinalarining yetishmovchiligi bilan bog‘liq zarur holatlarda, shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari obodonlashtirish obektlarini saqlash va ulardan foydalanishda hosil bo‘lgan chiqindi va smetni olib chiqib ketish uchun xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan alohida shartnomalar tuzishlari mumkin. Agar shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalarining chiqindi va smetni olib chiqib ketish uchun mo‘ljallangan maxsus avtotransport vositasi mavjud bo‘lsa, shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari chiqindilarni ixtisoslashtirilgan poligonlarga joylashtirish va ko‘mish uchun shartnoma tuzadilar.

Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining maxsus g‘azna hisobvaraqlarida keyinchalik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning xizmatlari haqini markazlashgan tartibda to‘lash uchun jamlanadi.

Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar uchun majburiy to‘lov. shuningdek, yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlarga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lov tariflari, narxlarni tartibga soluvchi organlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya boshqarmalari) bilan kelishilgan holda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.

Quyidagi chiqindilarni olib chiqib ketish xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan kelishilgan narxlarda alohida to‘lov evaziga amalga oshiriladi:

suyuq maishiy chiqindilar;

yirik gabaritli maishiy chiqindilar;

chorvachilik chiqindilari;

qurilish chiqindilari va tuproq;

daraxt va butalarni kesish hamda agrotexnik ishlov berishdan hosil bo‘ladigan chiqindilar (daraxt va buta shox-shabbalari, kesish ishlari qoldiqlari, barglar va boshqalar) va smyot.

Bunda, mazkur bandda ko‘rsatilgan chiqindilarni olib chiqib ketish xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan o‘zining xizmat ko‘rsatish zonasidan tashqarida amalga oshirilishi mumkin.

Mavzuga oid