O‘zbekiston | 08:13 / 13.02.2019
3455
2 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolar huquq va manfaatlariga daxldor masalalar yuzasidan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish cheklanadi 

Vazirlar Mahkamasining “2019 yilda qonun loyihalarini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Dasturga ko‘ra, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida” yangi tahrirda qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutiladi:

qonun hujjatlarini qabul qilish asosi va tartibga solish predmetini aniq belgilash, bunda fuqarolarning huquq va manfaatlariga daxldor masalalar yuzasidan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishni cheklash;

vazirlik va idoralar tomonidan tayyorlangan qonun loyihalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonun talablariga mosligi, normalarni amalga oshirish mexanizmlariga ega ekanligi nuqtai-nazaridan baholash majburiyatini Adliya vazirligiga yuklash;

qonun hujjatlari loyihalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirish mexanizmiga ega bo‘lmagan qonun loyihalarini kiritishni taqiqlash;

norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirishga qaratilgan masalalar.

Qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha mas'ul ijrochi - Adliya vazirligi, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti (kelishuv asosida). Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish muddati - 2019 yil 1 mart, Qonunchilik palatasiga kiritishning taxminiy muddati - 2019 yil 1 aprel.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid