Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi
Loyihada markaz ishtirokchilari va ularning xodimlariga xorijiy valutalarda hisob-kitob qilish, chet ellik mutaxassislarni ishga qabul qilish, besh yilgacha amal qiladigan maxsus vizalar olish huquqi berilishi nazarda tutilmoqda. Markaz hududida soliq va bojxona imtiyozlari joriy etilishi belgilangan.
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasida moliya markazining huquqiy maqomi, faoliyat tamoyillari, boshqaruv tizimi, vakolatlari va markaz hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejim aniq belgilangan.
Xususan, markaz hududida xalqaro investorlar uchun huquqiy barqarorlik va ishonchli sud himoyasini ta’minlashga qaratilgan qoidalar kiritilmoqda.
Qonun loyihasi bilan Toshkent xalqaro moliya markazining institutsional tuzilmasi ham belgilanmoqda.
Shuningdek, markaz ma’muriyati, Toshkent moliyaviy xizmatlar boshqarmasi va Toshkent xalqaro tijorat sudining huquqiy maqomi mustahkamlanmoqda.
Qayd etilganidek, Toshkent moliyaviy xizmatlar boshqarmasi litsenziyalash, nazorat qilish va ta’sir choralarini qo‘llash vakolatiga ega bo‘ladi. Toshkent xalqaro tijorat sudi esa markaz ishtirokchilari o‘rtasidagi nizolarni mustaqil ravishda ko‘rib chiqadi.
Deputatlar markaz ishtirokchilari uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga ham alohida to‘xtaldilar. Loyihada markaz ishtirokchilari va ularning xodimlariga xorijiy valutalarda hisob-kitob qilish, chet ellik mutaxassislarni ishga qabul qilish, besh yilgacha amal qiladigan maxsus vizalar olish huquqi berilishi nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, markaz hududida soliq va bojxona imtiyozlari joriy etilishi belgilangan.
Ushbu Konstitutsiyaviy qonun loyihasining qabul qilinishi Konstitutsiya va qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni taqazo qiladi. Jumladan, Konstitutsiyaning 15-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida yagona huquqiy makon saqlangan holda, alohida hududlarda qonun asosida maxsus huquqiy rejim o‘rnatish imkoniyati belgilanmoqda. Konstitutsiyaning 131-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimcha bilan esa maxsus huquqiy rejim amal qiladigan hududlarda ixtisoslashgan sudlar tashkil etilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, 134-moddaga kiritilayotgan o‘zgartirish bilan ayrim maxsus holatlarda sud yurisdiksiyasi va sud ishlarini yuritish tartibi qonun bilan alohida belgilanishi mumkinligi mustahkamlanmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Mavzuga oid
19:47 / 25.03.2026
Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etiladi
15:26 / 18.02.2026
Davlat bayrog‘ini namoyish etishda yagona talablar joriy etiladi
16:19 / 16.02.2026
Iste’molchilar shartnomalarida noqulay shartlar cheklanadi
12:27 / 16.02.2026