Jamiyat | 20:40 / 13.02.2019
4587
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda kitobxonlarning navbatdagi tanlovi bo‘lib o‘tdi

12 fevral kuni Toshkent shahridagi «Kitob olami»​ kutubxona-do‘konida Toshkent kimyo-texnologiya instituti ​tashabbusi bilan «Kitob-millatning bebaho, ma'naviy va madaniy merosi» mavzusida «Zukko kitobxon» ko‘rik tanlovi bo‘lib o‘tdi.​ Bu haqda oliy ta'lim muassasasi axborot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2017 yil 12 yanvardagi «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha Komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishi ijrosini ta'minlash hamda 2017-2021 yillar bo‘yicha Harakatlar strategiyasining bandida belgilangan vazifalarni ijro etish maqsadida bo‘lib o‘tdi.

«Tanlov 2 bosqichda o‘tkazilib, I bosqich fakultet talabalari orasida tashkil etildi. Ushbu bosqichda 150 nafar talaba ishtirok etib, eng yuqori ball to‘plagan 10 nafar talaba keyingi bosqichga yo‘l olishi nazarda tutilgan. Saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan 10 nafar talaba finalda bellashadi», deyiladi xabarda​. 

Ushbu ko‘rik tanlovni adolatli hamda shaffof baholash uchun hakamlar hay'ati tarkibiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, «Oltin qalam» mukofoti, «Do‘stlik» xamda «Mehnat shuhrati» ordenlari sohibasi, shoira Zulfiya Mo‘minova hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod taklif etilgan.

Mavzuga oid