Viloyat markazidan bor-yo‘g‘i 15 kilometr yo‘l bosib xuddi 100 yil ortga moziyga qaytgandek bo‘ldik.
Andijon viloyati, Andijon tumani, Otchopar MFY, Bog‘i Eram mahallasidan tushgan murojaatni o‘rgangani borib zo‘r “kashfiyotlar” guvohi bo‘lganimiz rost. “Bog‘i Eram”ga avtomashinada “yo‘l izlab” borish oson kechmadi. 15 kilometr o‘nqir-cho‘nqir so‘qmoqni bosib o‘tib, mazkur yo‘lni oxirgi 30 yilda hech kim ta'mirlash kerakligi haqida bosh qotirmaganini sezasiz.
Adirlar tepasida joylashgan Bog‘i Eram qishlog‘idagi holat bizni butunlay hayron qoldirdi.



Holat mahalla ahli o‘z murojaatida keltirganicha bor ekan. 100dan ortiq xonadonda 600 nafarga yaqin aholi yashaydigan hududda muammolar “bolalab” ketgan. “Ulardan eng kattasi -hokimlik organlari tomonidan ushbu hududga bo‘lgan e'tiborsizlik”, desam rostini aytgan bo‘lamiz.
Bunday deyishning asl sababiga esa maqolamiz so‘ngida to‘xtalamiz.
Tasavvur qiling, 100dan ziyod xonadon oxirgi 30 yil davomida ichimlik suvi va ishsizlik muammolari girdobida yashamoqda.
Shu paytgacha biror ommaviy axborot vositasi qishloqqa qadam bosmagan ekan. Bizni kelganimizni bilgach, xonadon egalari ko‘chaga oqib chiqa boshladi. Ularning dardlarini tinglash esa juda og‘ir kechdi.

“Ixtiro”mi yoki chorasizlik?
Ko‘cha aylanib, bizni hayron qoldirgani tomlarning tarnovi ostiga o‘rnatilgan turli qurilmalar bo‘ldi. Bunaqasini hech qayerda ko‘rmagan edik... Uylarga kirsak ham xuddi shunday uskunalar. Aholi vakillari “noyob qurilmalar” sirini asta-sekinlik bilan tushuntirib berishdi.
Turli o‘lchamdagi yelim quvurlar tarnov orqali turli kattalikdagi idishlarga yomg‘ir suvini to‘plash uchun ulangan ekan! Bir xonadonda shudgorda yotgan beton idishga tomning turli qismlaridan besh-o‘nta quvurlar kelib ulanibdi. Uy egasiga “Bu nima uchun?” deya savol beramiz. U, “Yomg‘ir yoqqanida mol-qo‘ylarni sug‘organi suv yiqqani”, deya javob berdi.





















