Jamiyat | 18:29 / 14.02.2019
17303
2 daqiqa o‘qiladi

Hamdardlik: Oqqon dardidan shifo topishi uchun xayriya aksiyasi tashkil qilingan Quvonchbek vafot etdi

Yil boshida Kun.uz tahririyati Toshkent shahri Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutidagi ko‘makka muhtoj insonlarning zarur davo muolajalarini olishlari uchun xayriya aksiyasi boshlagan edi. Oqqon bilan og‘rigan o‘sha bemorlarning orasida Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidan kelgan 2 yoshli Quvonchbek Qurbonboyev ham bor edi. Quvonchbek Ota-onasining bitta-yu bitta farzandi, 25 yil kutgan yolg‘iz jigarbandi edi.

Xayriya aksiyasi davomida og‘ir dard bilan kurashayotgan jajji bemorning tuzalib ketishi uchun juda ko‘p ezgu niyatli insonlar yaqindan yordam berishga harakat qilishdi. Kimdir ma'lum mablag‘, kimdir shifoxonaga kelib va yana kimdir telefon qo‘ng‘iroqlari orqali bemor va uning yaqinlari holidan xabar olib, ruhan qo‘llab-quvvatlab turdi.

Afsuski, Quvonchbekning umri qisqa ekan. Tibbiyot xodimlarining sa'y-harakatlari ham yordam bermadi. Murg‘ak bolakay bugun 14 fevral kuni hayotdan ko‘z yumdi. Allohning irodasi ekan.

Uning qarindoshi aloqaga chiqib, mash'um xabarni yetkazdi.

«Bola og‘ir dardga chidash bera olmadi. Shifokorlar uyga javob berishgandi. Yo‘lda Quvonchbekni berib qo‘ydik. Ota-onasi o‘g‘lining shifo topishini so‘rab, yordamini, ruhiy daldasini ayamagan ezgu niyatli, saxovatpesha insonlarga o‘z rahmatini yetkazib qo‘yishimni tayinlashdi. Barcha qo‘llab quvvatlaganlarga kattakon rahmat», deydi Quvonchbekning yaqin qarindoshlaridan biri.

Murg‘ak bolajonning shifo topib ketishi uchun o‘tkazgan xayriya aksiyamizda qatnashgan insonlarga tahririyatimiz nomidan chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz. Barchamizni chin insoniylik sifatlari tark etmasin.

Kun.uz sayti marhum Quvonchbekning oila a'zolariga barchaning nomidan hamdardlik bildiradi.

Mavzuga oid