O‘zbekiston | 10:04 / 14.02.2019
17720
7 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnikalar bilan ta'minlashdagi tizimli muammolar ma'lum qilindi 

Foto: Flickr

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligiga yetkazib berishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Hujjatda qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligini zamonaviy va energiya tejamkor qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta'minlashda bir qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda, shu jumladan:

birinchidan, qishloq xo‘jaligi texnikasi parkining 65 foizi ma'nan va jismonan eskirgan bo‘lib, iqtisodiy jihatdan samarasiz va zudlik bilan yangilanishga muhtojligi;

ikkinchidan, qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchi korxonalarda asbob-uskunalar parkining eskirganligi, tayyor mahsulotni mahalliylashtirish darajasi pastligi;

uchinchidan, osma, tirkama va ixtisoslashtirilgan qishloq xo‘jaligi texnikalarni sotishda imtiyozlar hamda subsidiyalar mavjud emas.

hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ va “O‘zagrolizing” AJ tomonidan ishlab chiqilgan 2019 yilda hududlar kesimida, jumladan, lizing asosida qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berishning qo‘shimcha hajmlari parametrlari tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

a) “O‘zagrotexsanoatxolding”AJ huzuridagi qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini aylanma mablag‘lari bilan ta'minlash maqsadida 400,0 mlrd. so‘m (40 mln.yevro ekvivalentida) miqdorda yillik 7 foiz stavkada qarz mablag‘larini 24 oy muddatga mavsumiy qishloq xo‘jaligi texnikalarini o‘z vaqtida ishlab chiqarish uchun bir oy muddatda ajratilishini;

b) “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tarkibiga kiruvchi korxonalar tomonidan 2018 yil IV choragida lizing asosida yetkazib berilgan texnikalarning yakuniy hisob-kitoblarini amalga oshirish va ishlab chiqaruvchi korxonalarga maqsadli yo‘naltirish uchun 155,6 mlrd.  so‘m miqdoridagi mablag‘larni “O‘zagrolizing” AJ va “O‘zmashlizing” MChJ orqali joriy yilning 1 martgacha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilishini;

v) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 yanvardagi “Qishloq xo‘jaligining texnik jihozlanish darajasini yanada oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–3459-sonli qaroriga muvofiq “O‘zagroservis” AJga ajratilgan 200 mlrd. so‘m qarz mablag‘ini “Agrobank” ATB orqali bir oy muddatda “O‘zagroservis” AJga “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ oldidagi qarzdorlikni so‘ndirish uchun yillik 3 foiz stavkada, 10 yil muddatga kredit mablag‘i ajratilishini;

g) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki va “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankining moliyaviy holatini yaxshilash hamda faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3694-sonli qaroriga asosan aksiyadorlik tijorat Xalq banki ustav kapitaliga 750 mlrd. so‘m va “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki ustav kapitaliga 500 mlrd. so‘m mablag‘larni 2019 yil 15 apreligacha yo‘naltirilishini ta'minlaydi.

Aksiyadorlik tijorat Xalq banki va “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankining ustav kapitalini oshirishga yo‘naltirilgan mablag‘larning 30 foiz miqdoridagi pul mablag‘larni qishloq xo‘jaligi korxonalariga respublikada ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi traktorlari, to‘rt va undan ortiq korpusli aylanma omochlar, ko‘p vazifali pnevmatik va mexanik seyalkalarni xarid qilish uchun, shundan 250,0 mlrd. so‘mi “O‘zagrolizing” AJga “O‘zmashlizing” MChJ kafilligi asosida 5 yil muddatga imtiyozli foiz stavkada kredit berish orqali moliyalashtirishga yo‘naltirilishi ma'qullanishi mumkin.

Belgilanishicha, qishloq xo‘jaligi korxonalari va ularga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikasini sotib olish quyidagicha moliyalashtiriladi:

g‘alla o‘rish va paxta terish texnikalarining mavsumiy ishlatilishini inobatga olib, ularni hamda paxta terish mashinalar bilan agregatlashtirilib ishlatiladigan traktorlarni yetkazib berishning imtiyozli 10 yil muddatgacha lizing asosida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tartibi saqlab qolinadi;

joriy yilda mavsumiy qishloq xo‘jaligi texnikalarini o‘z muddatlarida ishlab chiqarib yetkazib berilishini ta'minlash maqsadida istisno tariqasida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan yetkazib beriladigan texnikalar qiymatini 50 foizgacha avans mablag‘larini lizing oluvchilar tomonidan avans mablag‘lari shakllantirilgunga qadar ishlab chiqaruvchi korxonalarga ajratilishiga ruxsat beriladi;

2019 yildan boshlab respublikamizda ishlab chiqarilgan yangi zamonaviy qishloq xo‘jaligi traktorlari, to‘rt va undan ortiq korpusli aylanma omochlar hamda ko‘p vazifali pnevmatik va mexanik seyalkalarni sotib olish uchun ajratilgan kreditlar va lizing bo‘yicha hisoblangan foiz to‘lovlari budjet mablag‘lari hisobidan qisman qoplab berilishi joriy etiladi.

Respublika qishloq xo‘jaligi korxonalari Xalqaro moliya institutlari tomonidan ajratiladigan mablag‘lar hisobiga qishloq xo‘jaligi texnikalarini jumladan paxta terish mashinalari, g‘alla o‘rish kombaynlari, yangi zamonaviy qishloq xo‘jaligi traktorlari, to‘rt va undan ortiq korpusli aylanma omochlar hamda ko‘p vazifali pnevmatik va mexanik seyalkalarni “O‘zagrotexsanoatxolding” AJdan sotib olishlari belgilanadi.

“O‘zagrotexsanoatxolding” AJ, lizing tashkilotlari, tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyat hokimlari 2019 yilning 1 aprelga qadar qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish, moliyalashtirish, aniq buyurtmalar portfelini shakllantirish, shartnomalarni tuzish, texnikalar uchun boshlang‘ich avans to‘lovlarining belgilangan miqdorlarda o‘tkazib berilishi ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi va “O‘zagrolizing” AJ bilan hamkorlikda “O‘zagrolizing” AJga qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizing asosida moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlarining 100,0 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larini 10 yil muddatga, imtiyozli foizlarda, sug‘urta kompaniyalarining sug‘urta polisi ta'minoti asosida 2019 yilning 1 martiga qadar jalb qilinishini va “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tizimidagi korxonalarga 3 bank ish kunida o‘tkazib berilishi mumkin.

Mavzuga oid