O‘zbekiston | 09:48 / 18.02.2019
6890
5 daqiqa o‘qiladi

Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash qoidalariga o‘zgartirishlar kiritiladi 

Foto: Pixabay

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2014 yil 28 fevraldagi 53-mh-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritiladi.

Mazkur buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi hamda Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritadi.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalariga quyidagi o‘zgartirishlar kiritiladi:

68-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“68. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari:

ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, sanoat siyosati, iqtisodiyotning alohida sohalari va tarmoqlari hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan;

tashqi savdo va investitsiyalar bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan;

tashqi siyosiy faoliyat bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan;

nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalar bo‘yicha – O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan;

advokatlik faoliyati va sud ishini yuritish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan;

tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga bevosita yoki bilvosita ta'sir qiladigan masalalar bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan;

fuqarolarning mehnat huquqlariga taalluqli masalalar bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan;

fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalar bo‘yicha – O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan;

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyat sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan;

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan;

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan kelishilishi lozim.”.

69-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.

71-1-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.

88-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.

115-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“115. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yoxud uni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish ushbu hujjatni qabul qilgan organ tomonidan yoxud bunga vakolatli boshqa organ tomonidan ushbu hujjat qabul qilingan tartibda amalga oshiriladi.

Boshqa vazirlik va idoralar bilan qo‘shma holda qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga shu vazirlik va idoralar bilan qo‘shma holda o‘zgartirish, qo‘shimchalar kiritiladi yoki o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.

Bir nechta vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda, kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kelishilgan vazirlik va idoralardan qaysi birining manfaatlariga yoki vakolatlariga daxl qilsa, o‘sha vazirlik va idoralar bilan kelishiladi.

Boshqa vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar shu vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.

Agar idoraviy normativ-huquqiy hujjatga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar uni qabul qilishda ishtirok etmagan vazirlik va idoralar bilan kelishilishi lozim bo‘lsa, bunday o‘zgartirish va qo‘shimchalar ushbu vazirlik va idoralar bilan ham kelishilishi lozim.”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid