O‘zbekiston | 19:09 / 18.02.2019
10929
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Islom moliyalashtirish instrumentlaridan foydalanishga qiziqish paydo bo‘lmoqda

Foto: KUN.UZ

Xalqaro moliya institutlari O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishda Islom moliyalashtirish instrumentlaridan foydalanish imkoniyat va istiqbollarini o‘rganayotganini bildirdi. Bu haqda Xalqaro moliya korporatsiyasining O‘zbekistondagi vakilligi rahbari Zafar Hoshimov 18 fevral kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma'lum qildi. 

«Biz, Jahon Banki guruhi tarkibiga kiruvchi tashkilot sifatida, O‘zbekistonda Islom moliyalashtirish instrumentlaridan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganib chiqmoqdamiz. Buning uchun jozibador loyihalarni o‘rganib chiqish, ularga mablag‘larni jalb etish masalasini ko‘rish kerak», — deydi Zafar Hoshimov.  

O‘zbekiston 2019 yil fevraldan Islom taraqqiyot banki guruhiga tegishli bo‘lgan Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi hamda Investitsiyalar va eksport kreditlarini sug‘urtalash islom korporatsiyasiga a'zo bo‘lgandi. 
Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va tegishli ikki tashkilot qarorlari bilan O‘zbekiston Islom taraqqiyot banki guruhining barcha tashkilotlariga a'zolikni qo‘lga kiritdi.

2018 yil 9 oy yakunlari bo‘yicha e'lon qilingan ma'lumotga ko‘ra, Islom taraqqiyot banki guruhi tomonidan  O‘zbekiston Respublikasidagi loyihalarni moliyalashtirishni boshlangandan so‘ng jami portfel qiymati 1,9 mlrd. AQSh dollarini tashkil etgan. Shundan so‘ng, Islom taraqqiyot banki va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida 2018-2021 yillar davomida 1,3 milliard dollar mablag‘ ajratiladigan Hamkorlik strategiyasi imzolangandi.

Mavzuga oid