10 halol taom, xorijiy mamlakatlar din arboblari tashrifi, Buxoro bo‘ylab sayohat - Ziyorat turizmi bo‘yicha I xalqaro forumda
21-23 fevral kunlari Buxoro shahrida Ziyorat turizmi bo‘yicha birinchi xalqaro forum bo‘lib o‘tadi. Forumni tashkil etishdan maqsad - mamlakat sayyohlik imkoniyatlari va salohiyatini keng targ‘ib etish, shuningdek, O‘zbekistonni xalqaro miqyosda islom dunyosidagi ziyorat-turizmi bo‘yicha yirik markazlardan biri sifatida e'tirof etishdir. Forum yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda ziyorat turizmi istiqbollari bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqiladi, shuningdek, respublikaning ziyorat turizmi imkoniyatlari haqida jahon hamjamiyatini xabardorlik darajasi oshishi, O‘zbekiston yangi sayyohlik brendini ishlab chiqish, ziyoratchilar talablaridan inobatga olgan holda mavjud turistik marshrutlarni takomillashtirish ham kutilmoqda.
Ishtirokchilar
Ziyorat turizmi bo‘yicha ilk xalqaro forumda islom dunyosining 120 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkiloti, tegishli idoralar, din ulamolari, oliy o‘quv yurtlari, sayyohlik ma'muriyatlari, ilmiy-akademik doiralar, ziyorat turizmi bo‘yicha turistik kompaniyalar vakillaridan iborat xorijiy mehmonlar, shuningdek, mahalliy OAV vakillari va turoperatorlar ishtirok etadi. Shu bilan birga, Ziyorat turizmi forumi hamda respublika turistik salohiyatini keng yoritish maqsadida 14 nafar xorijiy OAV vakillari, jumladan, Euronews (Fransiya), «Al-Jazira» (Qatar), «Al-Ahram al-iqtisadiy» (Misr) jurnali va Diplomatic News (Pokiston), «Kommersant» (Rossiya), «Al-Vajhat» (Ummon), «Al-Hayat» (Saudiya) vakillari ham ishtirok etishadi.
Pilgrim visa
Ta'kidlash joizki, hukumat tomonidan O‘zbekistonning ziyorat turizmi yo‘nalishidagi jozibasini oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezidentning 5611-sonli farmoniga ko‘ra, joriy yilning 5 yanvar kunidan O‘zbekistonning madaniy-tarixiy va diniy-ma'naviy merosi va an'analarini o‘rganish uchun tashrif buyuruvchi xorij fuqarolariga 2 oygacha bo‘lgan muddat bilan beriluvchi Pilgrim visa joriy etildi.
«Halol» standarti
2018 yildan boshlab mamlakatning umumiy ovqatlanish shoxobchalari va restoranlarda «halol» standartini amaliyotga joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Misol uchun, 2018 yil fevral oyidan boshlab ISO 22000 va «Halol» oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha umumiy qo‘llanma» O’z DSt 3286:2018 davlat standarti rasman joriy etildi.
Kun tartibi
21 fevral. Dasturga ko‘ra, birinchi kuni Buxoroning diqqatga sazovor maskanlari va ziyorat turizmi obektlari, jumladan Bahouddin Naqshbandiy memorial majmuasini tomosha qilish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ziyorat forumining VIP-ishtirokchilari, jumladan, «Istiqlol» muzeyi (Indoneziya), Crescent Rating (Singapur), Turkiya Din ishlari qo‘mitasi, MATTA uyushmasi (Malayziya) va boshqa tashkilotlar vakillari bilan matbuot anjumanlari tashkil etiladi.
22 fevral. Forumning ikkinchi kuni Ziyorat turizmi bo‘yicha ilk xalqaro forumning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Qosimxo‘jayev, Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev, Turkiya din ishlari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Osman Tiraschi, Dehli bosh masjidi imomi Said Buxoriy, Rossiya muftiylar kengashi raisi birinchi o‘rinbosari Rushan Abbasov, Indoneziyadagi O‘zbekiston sayyohlik brendi elchisi Eko Shri Margianti, Misr Vakillar palatasining Ijtimoiy birdamlik, oila va nogironlar qo‘mita raisi Abdulhadiy Al-Kasabiy va boshqalar so‘zga chiqadi.
"Buxoro 7 piri" teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi namoyish etiladi.
Forum ishtirokchilari uchun V2V uchrashuvlar tashkil etiladi.
Bundan tashqari, yalpi sessiyalarda O‘zbekistonda yangi sayyohlik mahsulotlarini shakllantirish va ziyorat turizmi salohiyatini oshirish bo‘yicha xalqaro tajribani rivojlantirish, Indoneziyada islom dinining tarqalishida O‘zbekiston olimlarining o‘rni, Musulmon sayyohlar uchun xalqaro reyting kabi qiziqarli mavzularda ma'ruzalar o‘qilib, o‘zaro fikr almashiladi.
23 fevral. Uchinchi kuni barcha Buxorodan Samarqand shahri tomon yo‘l oladi. U yerdagi tarixiy obidalar, jumladan Imom Al-Buxoriy memorial kompleksini ko‘zdan kechirishadi. Kechga yaqin esa Toshkent shahriga kelib, bu yerda 10 Halal food kechki ovqat dasturxoniga taklif etiladi. O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi mehmonlar sharafiga Toshkentda 10 Halal food -10 xil turdagi o‘zbek milliy taomlarini tayyorlash bo‘yicha mahorat darsi o‘tkaziladigan maxsus kechki ovqat tashkil etadi.
Qanday hujjatlar imzolanadi?
Forum doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Buxoro viloyati hokimiyati, O‘zbekiston Ruspublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va forumning boshqa ishtirokchilari bilan birga «O‘zbekistonni ziyorat-turizmining markazlaridan biri sifatida e'tirof etish to‘g‘risida»gi Buxoro deklaratsiyasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi «Milliy PR - markaz» DUK va hamda «Global Muslim Traveler Index» doirasida «MATTA» (Malayziya), «Crescent Rating» (Singapur) uyushmalari, Jakarta targ‘ibot fondi (Indoneziya) o‘rtasida Hamkorlik memorandumini imzolash rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
12:01 / 09.11.2024
Buxoroda 16 yoshli bola o‘nlab shaxslar nomiga kredit olib, onlayn qimorga tikib yubordi. U qamoqqa olingan
11:34 / 06.11.2024
Buxoroda 1 mlrd so‘mdan ziyod elektrdan noqonuniy foydalangan tadbirkor aniqlandi
15:04 / 03.11.2024
Buxoroda xotiniga og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs qamoqdan ozod qilinib, shartli jazo tayinlandi
20:48 / 09.10.2024