Jamiyat | 16:59 / 22.02.2019
8319
5 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Toshkent shahrida Investitsiya faoliyatini muvofiqlashtirish va loyihalarni boshqarish markazi ochildi

2019 yil 22 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB hamkorligida Toshkent shahrida Investitsiya faoliyatini muvofiqlashtirish va loyihalarni boshqarish markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: O‘zsanoatqurilishbank

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 21 dekabr kuni Toshkent shahrining tumanlariga tashriflari davomida Investitsiya markazini tashkil qilish vazifasini qo‘ygan edi.

Mazkur topshiriq ijrosini ta'minlash maqsadida 2019 yil 23 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Tijorat banklarining 2019 yilda investitsiya faoliyatini jadallashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Tijorat banklarida Investitsiya faoliyatini muvofiqlashtirish va loyihalarni boshqarish markazlarini tashkil etish “Yo‘l xaritasi”da belgilangan ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Shunga muvofiq, 2019 yil 22 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB hamkorligida Toshkent shahrida Investitsiya faoliyatini muvofiqlashtirish va loyihalarni boshqarish markazi ochildi.

Foto: O‘zsanoatqurilishbank

Markazning asosiy vazifasi – mahalliy tadbirkorlar va chet ellik investorlarning investitsiya faoliyati hamda ularning loyihalarini moliyalashtirishga ko‘maklashish hisoblanadi.

Markazda xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatilib, biznes rejalar, texnik iqtisodiy asoslanishlarni ishlab chiqishda, moliyalashtirish mexanizmlarini, manbalarini aniqlashda yordam ko‘rsatadi.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, “O‘zsanoatqurilishbank” tizimida bugungi kunda tadbirkorlik sub'yektlariga jami 960 mln.dollar bo‘lgan 19 turdagi chet el kredit liniyalari taklif qilinmoqda. Jumladan, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Koreya Respublikasi, Turkiya, Xitoy, Rossiya va boshqa davlatlardan texnologik uskuna va maxsus texnikalar xaridini moliyalashtirish bo‘yicha kredit liniyalari, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlarining aylanma mablag‘larini to‘ldirish va chet eldan tovar va xizmatlar importini moliyalashtirish maqsadida savdoni moliyalashtirish yo‘nalishida xorijiy kredit liniyalari jalb qilingan.

Investitsiya faoliyatini muvofiqlashtirish va loyihalarni boshqarish markazining asosiy vazifalaridan yana biri - chet ellik investorlarga o‘zlari uchun har tomonlama maqbul bo‘lgan loyihalarni tanlashga va ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni kiritishga ko‘maklashish hisoblanadi.

Muxtasar aytganda, ushbu markaz tadbirkorlar va xorijiy investorlarga “kredit supermarketi” sifatida xizmat qiladi.

Qayd etish kerakki, Investitsiya markazi tadbirkorlar hamda investorlarga loyiha samaradorligini oshirishda yuzaga keladigan muammolarni mahalliy hokimliklar, tegishli idoralar bilan birgalikda hal etilishida ham yordam beradi.

Markaz xodimlarining asosiy vazifasi muntazam ravishda joylarga chiqqan holda hududlarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan loyiha tashabbuskorlarini aniqlash va ularning investitsion loyihalarini xorijiy kredit liniyalari hisobidan moliyalashtirishga ko‘maklashish hisoblanadi. Bunda Markaz xodimlarining yuqori bilim va tajribaga ega bo‘lishiga alohida e'tibor qaratilgan bo‘lib, xorijlik ekspertlar ko‘magida ularning malakasini oshirib borish ko‘zda tutilgan.

Foto: O‘zsanoatqurilishbank

Kelgusida respublikamizning boshqa hududlarida ham shu kabi Investitsiya faoliyatini muvofiqlashtirish va loyihalarni boshqarish markazlari tashkil etiladi.

Xorijiy investorlarni O‘zbekistonga yanada kengroq jalb etish maqsadida “O‘zsanoatqurilishbank” ATB rasmiy saytida (uzpsb.uz) “Invitation page” sahifasi tashkil qilinmoqda. Mazkur sahifa respublikamizga qiziqish bildirgan xorijiy sarmoyadorlarga tayyor investitsiya loyihalarini ko‘rib chiqishlari va tanlab olishlari uchun qulaylik yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB hamkorligida O‘zbekistonda birinchilar qatorida tashkil etilgan Investitsiya faoliyatini muvofiqlashtirish va loyihalarni boshqarish markazi mamlakatimiz investitsion jozibadorligini oshirish, bu esa jalb etilayotgan investitsiyalar, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalari ko‘lamining oshishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Investitsiya faoliyatini muvofiqlashtirish va loyihalarni boshqarish markazi barcha mahalliy hamda xorijiy investorlarni hamkorlikka chorlaydi!

Bank axborot xizmati

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid