O‘zbekiston | 13:12 / 23.02.2019
8107
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda alternativ darsliklar yaratiladi

Foto: Fotolia

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta'lim maktablari uchun alternativ (muqobil) darsliklarni yaratish va ulardan maktablarda foydalanish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, hujjat umumiy o‘rta ta'lim maktablari uchun yaratilayotgan darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning sifatini oshirish, darsliklar bilan o‘quvchilarni to‘liq ta'minlash, sifatli darsliklarni tanlash imkoniyatlarini kengaytirish, raqobatbardosh, alternativ (muqobil) darsliklarni yaratish va ulardan maktablarda foydalanish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish mexanizmini joriy etish maqsadida qabul qilinadi.

Umumiy o‘rta ta'lim maktablari uchun raqobatbardosh, alternativ (muqobil) darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi umumiy o‘rta ta'lim maktablari uchun yaratiladigan alternativ (muqobil) darsliklarni tayanch (pilot) maktablarda 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab tajriba-sinovdan o‘tkazsin hamda olingan xulosalar asosida bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish choralarini ko‘radi va ularni nashrga tayyorlash hamda chop etish ishlarini tegishli tashkilotlar bilan muvofiqlashtirib boradi.

Belgilab qo‘yilishicha:

tayanch umumta'lim maktablariga alternativ (muqobil) darsliklarni tajriba-sinovdan o‘tkazish uchun nashr etish va yetkazib berish xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan;

alternativ (muqobil) darsliklarni nashr etish hamda joylarga yetkazib berish xarajatlari belgilangan tartibda ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan davlat budjeti mablag‘lari doirasida hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Umumiy o‘rta ta'lim maktablari uchun raqobatbardosh, alternativ (muqobil) darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Xalq ta'limi vazirligi keyingi o‘quv yillarida umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘quvchilari hamda o‘qituvchilar foydalanishlari uchun tavsiya etiladigan darsliklar hamda o‘quv-metodik qo‘llanmalarning ro‘yxatini va yaratilishi lozim bo‘lgan darsliklar hamda o‘quv-metodik qo‘llanmalarga qo‘yiladigan talablarni ular yaratilishidan bir yil oldin matbuotda e'lon qiladi.

E'londa tayyor original-maketlarni topshirish va ularga qo‘yiladigan talablarning amal qilish muddatlari ko‘rsatiladi.

Mazkur e'londa ko‘rsatilgan talablar bo‘yicha va muddatlarda darsliklar hamda o‘quv-metodik qo‘llanmalarning original-maketlarini yaratish istagini bildirgan ijodiy jamoalar ishtirok etish taklifini Xalq ta'limi vazirligiga rasmiy xat bilan taqdim etadi va belgilangan muddatlarda original-maketlarni tayyorlaydi.

Yaratilgan (ishlab chiqilgan, tuzilgan) darsliklar hamda
o‘quv-metodik qo‘llanmalar belgilangan talablar asosida ijodiy jamoalar, ya'ni tuzuvchi(lar), davlat va nodavlat hamda xorijiy tashkilotlar (kompaniyalar, firmalar, qo‘shma korxonalar, nashriyot va matbaa korxonalari, dizayn studiyalar va h.k.) tomonidan tayyor mahsulot (original-maket) holatida Xalq ta'limi vazirligiga ko‘rib chiqish uchun (belgilangan muddatlarda) o‘rnatilgan tartibda rasman topshiriladi.

Xalq ta'limi vazirligi o‘rnatilgan tartibda topshirilgan original-maketlarni qabul qiladi va rasmiylashtiradi.

Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi ekspertlar guruhi taqdim etilgan darsliklar (majmualar)ning signal hamda elektron nusxalarini belgilangan talablar asosida va vazirlikning tegishli buyrug‘ida ko‘rsatilgan muddatlarda ekspertizadan o‘tkazadi.

Ekspertiza natijalari asosida eng yuqori baholangan hamda ularga alternativ (muqobil) sifatida tanlab olinayotgan darsliklar (majmualar)ning original-maketlari (signal nusxalari) tajriba-sinovdan o‘tkazish uchun Xalq ta'limi vazirligi huzurida tashkil etilgan “Umumiy o‘rta ta'lim tizimi uchun Davlat ta'lim standartlari, o‘quv dasturlari hamda darsliklarni qayta ko‘rib chiqish va yangilarini yaratish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi Kengash”ga belgilangan muddatda taqdim etiladi.
 
Muvofiqlashtiruvchi Kengash qarori asosida alternativ (muqobil) darsliklar tajriba-sinovdan o‘tkazish uchun tayanch umumta'lim maktablari tanlanadi va ularga belgilangan nusxada darsliklar chop etilib, o‘quv yili boshlanguniga qadar yetkazib beriladi.

Alternativ (muqobil) darsliklar bir o‘quv yili davomida tajriba-sinovdan o‘tkaziladi.

Alternativ (muqobil) darsliklarni tajriba-sinovdan o‘tkazish jarayonlariga tayanch umumta'lim maktab direktorlari mas'ul hisoblanadi.

Tayanch umumta'lim maktab direktorlari keyingi yilning 1 iyuniga qadar tajriba-sinov natijalari bo‘yicha taklif va mulohazalarni Ishchi organiga taqdim etadi.

O‘quv adabiyotlarini mazmunan va dizayn jihatdan takomillashtirib borish maqsadida vazirlikning rasmiy veb-saytida onlayn tarzda keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, taklif va fikr-mulohazalar olinadi.

Tajriba-sinov hamda keng jamoatchilik muhokamasi natijalariga ko‘ra bir oy muddatda har bir fan yo‘nalishi bo‘yicha taklif-mulohazalar Muvofiqlashtiruvchi kengashning Ishchi organi tomonidan umumlashtiriladi hamda bayonnoma bilan rasmiylashtirilib, darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni tasdiqlash uchun o‘n kun muddatda Muvofiqlashtiruvchi Kengashga taqdim etiladi.

Eng maqbul darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni yaratgan ijodiy jamoalarni aniqlash bo‘yicha yakuniy qaror Muvofiqlashtiruvchi Kengash tomonidan qabul qilinadi va qaror tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Bunda, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan baholash mezonlariga ko‘ra har bir fan uchun (fanning o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda) qo‘yilgan umumiy maksimal ballning 90 foizidan yuqori ball olgan darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar ichidan eng katta ball olgani g‘olib deb topiladi va umumiy o‘rta ta'lim maktablari uchun asosiy foydalaniladigan darslik sifatida, qolganlari esa alternativ (muqobil) darsliklar sifatida amaliyotga joriy etish uchun tavsiya etiladi.

Umumiy o‘rta ta'lim maktablari uchun asosiy foydalaniladigan va alternativ (muqobil) darsliklar ro‘yxati matbuotda e'lon qilinadi hamda darsliklarning elektron variantlari www.eduportal.uz axborot ta'lim portaliga joylashtiriladi.

Mazkur darsliklar umumta'lim muassasalari pedagogik jamoalari, ota-onalar, o‘qituvchilar, keng jamoatchilik xohish-istaklariga ko‘ra qat'iy buyurtmalar shakllantirilgan holda Xalq ta'limi vazirligining umumiy nashr rejasi doirasida kitob chop etish huquqiga ega bo‘lgan matbaa korxonalari tomonidan chop etiladi va “O‘quv ta'lim-ta'minot” Davlat unitar korxonasi tomonidan joylarga yetkaziladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid