10:54 / 24.02.2019
11594

Messining yubiley het-triki: futbol titanlari bellashuvi statistikasi

Foto: Getty Images

Ispaniya La-Ligasi 25-turida safarda «Sevilya» ustidan qozonilgan g‘alabali (2:4) o‘yinda «Barselona» va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi o‘z karerasidagi 50-het-trikni rasmiylashtirdi.

Albatta, Messi erishilgan natijada to‘xtab qolmoqchi emas. UEFA.com uning het-triklar statistikasini tahlil qilib chiqdi.

Messi o‘z karerasidagi eng birinchi het-trikni 2007 yilning martida «Real»ga qarshi kechgan o‘yinda rasmiylashtirgan. «Sevilya»ga qarshi kechagi o‘yin hozircha oxirgisi bo‘lib turibdi. Yashil maydondagi o‘n yildan ziyodroq faoliyati davomida u UYeFA Chempionlar ligasida sakkizta, Ispaniya La-Ligasida 32ta, Ispaniya kubogida uchta, Ispaniya Superkubogida bitta va Argentina terma jamoasi safida oltita het-trikka erishgan.

Messining 2015-2018 yillardagi barcha gollari

Chempionlar ligasidagi sakkizta het-trikidan ikkitasini u pley-off o‘yinlarida kiritgan. 2012 yilning martida «Bayyer»ga qarshi 1/8 final o‘yinining javob uchrashuvida u 5ta gol urgan. Bungacha ikki yil avval, 2010 yilning aprelida ikkinchi chorakfinal uchrashuvida «Arsenal» darvozasiga to‘rt to‘p kiritgan.

YeChL-2016/17 guruh bosqichida u o‘zi ishtirok etgan ikki o‘yinda ketma-ket het trik rasmiylashtirgan. Birinchi turda «Seltik»ka qarshi, uchinchi o‘yinda «Manchester Siti» darvozasiga. Ikkinchi turda Dortmundga safar o‘yinini jarohati bois o‘tkazib yuborgan.

Ispaniya La Ligasidagi het-triklar soni bo‘yicha (32) u Krishtianu Ronaldudan ortda bormoqda — (34). Endi, portugaliyalik futbolchi «Yuventus»ga o‘tgach, Messida uni quvib o‘tish uchun yaxshi imkoniyat bor.

La ligada Messining bu boradagi «sevimli mijozlari» — «Valensiya», «Osasuna», «Espanol» va «Deportivo»dir. Bu klublar darvozasiga u uch martadan het-trik joylagan. «Sevilya»ga to‘xtaladigan bo‘lsa, bu klubga Messi ikki marta La Ligada, bir marta UYeFA Superkubogida het-trik urgan.

Argentina terma jamoasiga eng muhim het-trikni Messi 2017 yilning oktyabrida rasmiylashtirgan. Ekvador darvozasiga urilgan uch gol uning jamoasiga JCh-2018 yo‘llanmasini taqdim etgan.

Boshqa hujumchilarda holat qanday?

  • Krishtianu Ronaldu (MYu, «Real», «Yuventus» va Portugaliya) — 51
  • Luis Suares («Ayaks», «Liverpul», «Barselona» va Urugvay) — 29
  • Serxio Aguero («Atletiko», «Manchester Siti» va Argentina) — 17
  • Robert Levandovski («Borussiya», «Bavariya» va Polsha) — 17
  • Edinson Kavani («Napoli», «PSJ» va Urugvay) — 15
  • Radamel Falkao («Portu», «Atletiko», «Monako» va Kolumbiya) — 10

Krishtianu Ronaldu 51ta het-trik ramiylashtirgan. Ularning yettitasi YeChLda (barchasi «Real» safida), yettitadan uchtasi pley-off bosqichida.

Ichki turnirlarda portugaliyalik goleador «MYu» uchun bitta het-trik qilgan, «Real» uchun 36ta (ulardan 34tasi La Ligada, bittasi kubokda).

«Real» uchun yana bir het-trikni Krishtianu Ronaldu klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida rasmiylashtirgan. Portugaliya uchun u olti marta uchtalik gollar urgan. «Yuventus» tiffozisi hozircha undan bunday tuhfa olgan emas. 

Top