Ispaniya chempionati. Primero. 3-tur
«Barselona» — «Vilyarreal» — 4:0 (4:0)
Gollar: Fati, 15 (1:0). Fati, 19 (2:0). Messi, 35 — penaltidan (3:0). Pau Torres, 45 — avtogol (4:0).
«Barselona»: Netu, Pike, Jordi Alba, Langle, Buskets (Pyanich, 78), Koutinyu (Dembele, 70), Serji Roberto, de Yong, Messi, Grizmann (Trinkan, 78), Fati (Pedri, 70).
«Vilyarreal»: Serxio Asenxo, Albiol (Funes Mori, 84), Mario Gaspar, Estupinyan, Pau Torres, Parexo, Koklen (Iborra, 46), Moyses Gomes, Pako Alkaser (Trigeros, 46), Moreno (Bakka, 84), Chikvueze (Kubo, 74).
Ogohlantirish: Moreno, 83.
Hakam: Kuadra Fernandes.
27 sentabr. Barselona. «Kamp Nou» stadioni.
Barcha Bartomeuga qarshi
«Barselona» klubi muxlislarining katta qismi uchun klubda bo‘lib o‘tayotgan voqealar ramzi Luis Suaresning xayrlashuv marosimidagi ko‘z yoshlari va Jozep Bartomeuning hech kimni ishontira olmagan chiqishi bo‘ldi. Muxlislarning sevimli futbolchilaridan birini klubdan haydab yuborgan prezident bu marosimga kelmagani yaxshi edi.
Klub rahbariyati nafaqat jamoaning Neymar va Dani Alves boshchiligidagi sobiq futbolchilari tomonidan, balki klub sardori tomonidan ham tanqid qilinmoqda. Messi bungacha ham o‘zini tiya olmasdan «Kamp Nou»da qolish qarori haqida ma'lum qilgan intervyusida rahbariyat haqida nimani o‘ylasa gapirgandi.
Qolaversa, Bartomeuning davri tugamoqda prezident hozir cho‘loq o‘rdak kabi — keyingi yil uning prezidentlik muddati tugaydi va u yangi saylovda qatnashmaydi. Klub bosh murabbiyligiga u tomonidan taklif etilgan Ronald Kuman ham Bartomeuni qo‘llamayapti. U Messi o‘yinlar va mashg‘ulotlar vaqtida barcha uchun namuna ekanini ta'kidlamoqda, uning Suaresning klubdan ketishiga munosabatini ham oddiy holat sifatida qabul qildi. OAV tomonidan Suaresning ketishida bosh aybdor sifatida ko‘rsatilgan murabbiy asli bunday emasligi, uning ketishi faqat klub rahbariyati qarori bo‘lganini ma'lum qildi.
Tarkibdagi tozalash
Bu oqilona yondashuv bo‘ldi. Birinchidan, murabbiy futbolchilar bilan birgaligini bildirdi. Ikkinchidan, bu siyosat va Kuman keyingi yil martida saylanadigan bo‘lajak prezident vaqtida ham «Barselona»da qolishni istaydi. Shu bilan birga, Ronald klub rahbariyatining tarkibni yangilash bo‘yicha qarorini ma'qulladi va yangi chempionat butunlay boshqacha bo‘lishini aytib o‘tdi.


















