O‘zbekiston | 23:50 / 26.02.2019
3893
4 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligi-USAID: Sud-huquq islohoti bo‘yicha 10 mln dollarlik qo‘shma  dastur amalga oshirilmoqda

26 fevral kuni Toshkentda AQSh xalqaro rivojlanish agentligi (USAID)ning  O‘zbekistondagi sud-huquq islohotiga doir  dasturi taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda adliya vaziri R.Davletov, USAID va boshqa xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi. Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Kun.uz'ga shu haqida xabar berdi. 

Foto: Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Foto: Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Ma'lumot uchun: USAIDning O‘zbekistonda sud-huquq islohoti bo‘yicha dasturi (JRUP)ning amalga oshirilishi umumiy miqdori 10 mln AQSh dollaridan oshiq mablag‘ni tashkil etadi. Dastur 3 yillik muddatni o‘z ichiga  qamrab olgan bo‘lib,  mamlakatimiz hukumatining  qonun ustuvorligini ta'minlash,  qonunchilik va  sud-huquq tizimini  yanada isloh qilish hamda respublikada  fuqarolik jamiyatini  rivojlantirish kabi sa'y-harakatlarini  qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Dasturning asosiy maqsadlari – qonun ustuvorligini ta'minlashni qo‘llab-quvvatlash, yuristlar va sud-huquqi tizimi xodimlarining malakasini oshirish, fuqarolik jamiyati va NNT uchun qulay huquqiy muhitni shakllantirishdir.

Harakatlar strategiyasiga muvofiq, O‘zbekistonda keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Sud hokimiyati va kafolatlarining chin mustaqilligini mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, qonunchilikni takomillashtirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish, huquqbuzarliklarni oldini olish, sud jarayonida tortishuvlilik tamoyilini to‘liq amalga oshirish, yuridik yordam va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini  takomillashtirishga yo‘naltirilgan qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini  isloh qilish -  ustuvor yo‘nalishlardan sanaladi.

Foto: Ruslan Davletov

USAID'ning O‘zbekistondagi sud-huquq islohotiga doir dasturining amalga oshirilishi o‘tgan yilning 8 iyunida  O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va USAID o‘rtasida imzolangan Qonun ustuvorligini  mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumida ko‘zda tutilgan. Bu davlatimiz rahbarining AQShga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida  adliya vazirining Vashington shahrida imzolagan  kelishuvlarining  mantiqiy davomi bo‘ldi. Memorandum sud-huquq sohasidagi islohotlarini amalga oshirish va implementatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasini qo‘llab-quvvatlashda asos bo‘lib xizmat qiladi.

USAID'ning O‘zbekistonda sud-huquq islohotiga doir dasturi Adliya vazirligi  hamda turli davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda amalga  oshiriladi. Mazkur dastur 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy maqsadlarga erishishga yangicha turtki bo‘ladi. 

Foto: Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Xususan, sud-huquq islohotlari bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi amaliyotlarni joriy etish, yuristlar salohiyatini  oshirish  hamda fuqarolik jamiyati  institutlari va NTTlar faoliyati uchun  qulay muhitni  yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Yuristlar malakasini oshirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratiladi, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, kutubxonalar, onlay-ta'lim va tadqiqot resurslari imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida AQSh universitetlari bilan sheriklik munosabatlari o‘rnatiladi. 

Foto: Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Shuningdek, fuqarolar va jamoatchilik ishtirokidagi nazorat mexanizmlarini ishlab chiqish modellarini yaratish va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, axborot bilan ta'minlash va huquqiy islohotlarni monitoring qilish uchun fuqarolik jamiyatining imkoniyatlarini rivojlantirish masalalari ham rejalashtirilgan. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid