Jamiyat | 19:24 / 28.02.2019
75295
3 daqiqa o‘qiladi

«Jamshid va uning do‘stlari restoranda janjal ko‘tarishdi». Kenjayev ishi bo‘yicha «Chinatown» restorani xodimlari ham ko‘rsatma berishga keldi

Jamshid Kenjayev ishi bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda. Kun.uz muxbiri navbatdagi sud majlisida ishtirok etdi.

Navbatdagi sud jarayonida Jamshid Kenjayev «Aurum-898» tungi klubidan oldin o‘rtoqlari bilan tashrif buyurgan «Chinatown» restorani xodimlari- menedjyer Yekaterina Mixayeva va ofitsiant Roman Ernazarov sud hay'ati oldida o‘z ko‘rsatmalarini berishdi.

«Jamshid oldinlari ham kelib turar edi. O‘sha kuni mening navbatchiligim edi. Ular taxminan 10 kishi bo‘lib kelishdi. Yigitlarning ziyofati bor ekan. Kimningdir tug‘ilgan kunini nishonlashdi, chamamda. Soat kechki 11:00 chamasi musiqa ovozi o‘chirilganini eshitdim. Zaldan baqir-chaqir ovozi keldi. Ular orasida kichik janjal kelib chiqdi. Jamshidni tanir edim, qolganlarni tanimadim. Jamshid restoranimizga kelib turardi. U qo‘riqchilar boshlig‘i bilan gaplashdi. Keyin nima bo‘lganini bilmayman. Ularni ajratishga qaror qildik. Keyin hollga chiqdimda rahbariyatga, militsiyaga telefon qilmoqchi bo‘ldim. Shu payt Jamshid keldi-da «kimga telefon qilyapsan» deb baqirdi va telefonimni tortib olishga urindi. Bularning hammasi bizning videoyozuvlarimizda ko‘rinib turibdi. Bu videoyozuvlar tergovchilarda mavjud. So‘ngra, og‘aynilari tinchlantirishga harakat qilishdi. Janjaldan so‘ng, taxminan 11:30larda chiqib ketishdi. Oldinlari ham kelib turar edi. Unda pichoq hech ko‘rmaganman»,-deydi restoran menejyeri.

Shundan so‘ng, Jamshid Kenjayev va uning og‘aynilariga xizmat ko‘rsatgan ofitsiant sud majlisida ko‘rsatma berish uchun chaqirildi.

«2014 yildan beri ushbu restoranda ishlayman. O‘sha kuni ishda edim. Mehmonlar kelishdi. Yopilish arafasida janjal boshlandi. Uning do‘sti Shohrux nomiga buyurtma bo‘lgan edi. Ular 8-9 kishi edi. Kechki soat 11:00da restoranni yopamiz odatda. Bu janjal shu vaqtlarda bo‘lgandi.

Jamshid bizning restoranga bir necha marta kelganini ko‘rganman. Uni shaxsan tanimasdim, restoran mijozi sifatida bilardim. O‘sha kuni taxminan 2 shisha vino, 2 shisha aroq buyurtma qilishdi. Keyin ular orasida janjal kelib chiqdi. Bir-biriga baqirishdi, so‘kinishdi. Lekin, ular orasida mushtlashish va shunga o‘xshash holatlar kuzatilmadi. Janjaldan so‘ng, ular ketishdi»,-deydi restoran ofitsianti.

Bugungi sud majlisi so‘ngida raislik qiluvchi majburiy tartibda keltirish so‘ralgan guvohlar Ibrohim Ilhomjonov va Doston Ochilov haligacha keltirilmaganini surishtirdi.

Sud majlisi 4 mart, dushanba kuni soat 11:00gacha tanaffus e'lon qildi. 

Mavzuga oid