“Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni o‘zining ilk egalariga topshirildi
Bugun, 5 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasida jamiyat hamda davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishi va farovonligi mustahkamlanishi, shuningdek onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qo‘shgan xotin-qizlarga ilk bor “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni topshirildi. Mukofotlarni Bosh vazir o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva topshirdi.
Prezident farmoni bilan ta'sis etilgan mazkur ko‘krak nishoni bilan taqdirlash uchun Respublika komissiyasiga 684 ta hujjat taqdim etilgandi. Respublika darajasidagi idora va tashkilotlardan 103 ta xujjat qabul qilib olingan. 2019 yilda 290 nafar ayol mazkur nishon sohibiga aylandi.
Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmatidan xabar berilishicha, g‘oliblar barcha sohalarda yetakchi, matonatli, fidoyi va e'tirof nomiga munosib mo‘tabar ayollardir.
Ko‘krak nishoni bilan mukofotlanganlarga eng kam oylik ish haqining 4 baravari miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti topshiriladi.
Tanlangan nomzodlarning 84 nafari Respublika idoralari va tashkilotlari tavsiyasi asosida, 3 nafari - xotin-qizlar tizimida namunali faoliyat olib borayotgan, 9 nafari - “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi xodimlari, 44 nafari - ta'lim tizimidagi fidoiy ustozlar, 25 nafari - sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari, 53 - nafari mehnat faxriylari, keksa onaxonlar, 5 nafari - ibratli farzandlar onalari, 5 nafari - maktabgacha ta'lim tarbiyachilari va 19 nafari - xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislar.
Shuningdek, nomzodlarning 17 nafari MFY raislari, 11 nafari tadbirkor ayollar va 11 nafari fermerlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan ibratli ayollardir.
Shunisi diqqatga sazovorki, “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rilganlar orasida Baxtiniso Mahmudova nomi ham bor. Kun.uz'da u haqida qator maqolalar taqdim etilgan.
Baxtiniso Mahmudova Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida 1993 yil 31 oktyabrda dunyoga kelgan, o‘zbek she'riyatida porlayotgan iqtidorli shoira qiz edi. U 2010-2011 yillarda orqa miyada qisilish borligi sababli 4 marta murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Respublika Neyroxirurgiya institutida so‘nggi ko‘rikdan o‘tganida, orqa miyadagi kista kattalashayotgani tufayli shoshilinch tarzda jarrohlik amaliyotini o‘tkazish zarurligi, bu amaliyot O‘zbekistonda amalga oshirilmasligi bois, bemor Turkiya, Rossiya yoki Hindistonga borishi talab etilar edi. Baxtinisoning davolanishi uchun o‘zbekistonliklar tomonidan zarur mablag‘ yig‘ildi. 2018 yil 17 dekabrda Turkiyaning Anqara shahriga borib, 2019 yilning 3 yanvarida jarrohlik amaliyotidan muvaffaqiyatli chiqqani haqida ma'lum qilgan. Biroq ko‘p o‘tmay, Baxtiniso hayotdan ko‘z yumdi.