
Albatta, bu dunyoga hech kim ustun bo‘lmagan. Kim bo‘lishidan qat'i nazar o‘tkinchi dunyoni tark etishi achchiq haqiqat. Ammo, shundaylar borki, ular qisqa umr ko‘rsalar-da, o‘zlarining ortidan yorqin xotiralar qoldiradi. Singlimiz Baxtiniso ham xuddi shundaylardan edi. 1-guruh nogironi bo‘lishiga qaramay, orzu-umidlari osmon, irodasi juda kuchli va yaxshilikdan umidvor inson edi.
Baxtiniso Mahmudova Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida 1993 yil 31 oktyabrda dunyoga kelgan, o‘zbek she'riyatida porlayotgan iqtidorli shoira qiz edi. Baxtiniso 2010-2011 yillarda orqa miyada qisilish borligi sababli 4 marta murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Respublika Neyroxirurgiya institutida so‘nggi ko‘rikdan o‘tganida, orqa miyadagi kista kattalashayotgani tufayli shoshilinch tarzda jarrohlik amaliyotini o‘tkazish zarurligi, bu amaliyot O‘zbekistonda amalga oshirilmasligi bois, bemor Turkiya, Rossiya yoki Hindistonga borishi talab etilar edi.
Baxtinisoning davolanishi uchun, ta'bir joiz bo‘lsa, butun O‘zbekiston kurashdi, mablag‘ yig‘di. U 2018 yil 17 dekabrda Turkiyaning Anqara shahriga yo‘l oldi. 2019 yil 3 yanvarida jarrohlik amaliyotidan muvaffaqiyatli chiqqani, oyoqlari og‘riqni his qila boshlagani, o‘zi mustaqil qimirlata boshlagani haqida Baxtinisoning o‘zi juda xursand bo‘lib xabar qilgan edi. Afsuski, bu oxirat safaridan oldingi xursandligi ekan.
Kun.uz tahririyati Baxtiniso Mahmudovaning davolanishi uchun zarur bo‘lgan mablag‘ning to‘planishi uchun xolis niyatda bir necha bor xayriya aksiyalari tashkil etdi. Unda O‘zbekistonda va xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz faol ishtirok etishdi. Umid qilamizki, garchi natijasi ijobiy bo‘lmagan bo‘lsa-da, ushbu xayrli ishda duolari bilan, mablag‘lari bilan ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shganlarning ajr-u savobi ko‘paytirib beriladi.
Alloh Baxtinisoni o‘z rahmatiga olsin, dardlarini gunohlariga kafforat qilsin, xayrli amallarini yo‘ldosh qilsin, ortida qolgan yaqinlariga chiroyli sabr bersin! Omiin!
Kun.uz tahririyati ham Baxtinisoning yaqinlariga o‘zining chuqur hamdardligini izhor qiladi.
Ufq dunyosiga dil berdi jonim,
Usiz yashamoqqa yo‘l berdi jonim.
Qonimni tun bilan to‘ldirdi jonim,
Gullardan qarz bo‘ldim ranglar oldida.
Og‘ir karvonlarga duch kelib bag‘ir,
Ko‘zlar sag‘ir bo‘ldi, nigohlar og‘ir.
Tomchilar yulduzlar aylandi oxir,
To‘kilib yuragi gunglar oldida.
Na-da arzim bordir, na-da o‘kinchim,
Faqat ko‘hna maktub buzadi tinchim.
Hech nemas lovullab ketgan sog‘inchim-
Ruhimdagi so‘ngsiz janglar oldida.
Aka, yo‘sini bor zaminning, ko‘kning,
Oddiy nafasi bor hatto buyukning.
Yelkamda muk tushib yig‘lagan yukning
Ming bir arazi bor tonglar oldida.
Deysiz « Kechir meni, vajlarim picha,
Yonib she'rlar yozding, aytmadim qancha...»
Axir bormanmi-yo‘q «keyinroq»qacha,
Keyin nima deysiz munglar oldida?
***
Ko‘zlarimni yumib oldim.
bu dunyoning
hasrat to‘la ko‘zlariga qaramayman,
hayrat to‘la ko‘zlariga qaramayman,
haybat to‘la ko‘zlariga qaramayman.
Jim ketaman.
jimlik to‘lgan tomchi bo‘lib,
jondan qochib, o‘z joniga soqchi bo‘lib,
bu dunyoga... dilga kelgan sovchi bo‘lib
jim ketaman.
O, azizim!
senga yana xatlarim bor,
ahdlarim bor,
dardlarim bor,
baxtlarim bor.
hisobimda...
senga yetmas vaqtlarim bor,
O, azizim!
Bu gul umrim, gul hayotim, gul yuragim
ne-ne gulgun she'rlarimni xazon etmish.
yana O‘zi qaddimni bir osmon etmish.
yana O‘zi... mushkullarni oson etmish.
Men ne deyin?
***
Agarda qaytmasam...Kuzgi bog‘larga
Bir nasim bo‘laman, chekinar og‘riq.
Ko‘zimning oldida yuksalasan sen,
Ko‘zimning oldida ulg‘ayar borliq.
Men singib boraman maysaga, yerga,
Qayg‘ular ko‘ksimni toptamas bevaqt.
Mening yuragimda chayqalar dunyo,
Mening ovozimda chuchkirar daraxt.
Agarda qaytmasam, qaytolmasam men,
Yana jim ketaman nurafshon bo‘lib.
Bir ichkin nolada, ezgin nolada
Ko‘zlarim qaytadi namozshom bo‘lib...
She'rlar muallifi marhuma Baxtiniso Mahmudova.








