Sog‘liqni saqlash vazirining xorijlik o‘rinbosari o‘z vazifasini bajarishga kirishdi
O‘zbekiston prezidentining qarori bilan sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari va bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari maslahatchisi lavozimiga tayinlangan Dongvuk Lining vazirlik markaziy apparati va tasarrufdagi muassasalar rahbarlari bilan tanishuv uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar qildi.
Dongvuk Li tibbiy sug‘urta sohasini Koreya Respublikasi tajribasini chuqur o‘rgangan holda tatbiq etish, 2019 – 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi ijrosini ta'minlash yo‘lida bor bilim va salohiyatini ishga solishini aytib o‘tdi.
Dongvuk Li o‘z vatani – Koreya Respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza vazirligida demografik siyosatni ishlab chiqishda ishtirok etib, tibbiy xizmat narxlarini tartibga keltirish hamda sug‘urta tizimini takomillashtirishda ko‘maklashgan. Shifoxonalarni boshqarish va tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yuksaltirish, shuningdek, sog‘liqni saqlashning bemorga yo‘naltirilgan yaxlit tizimi yaratilishida ham uning xizmati katta. Bundan tashqari, tibbiyot tizimi va resurslari bilan bog‘liq siyosat hamda integratsiya dasturini ishlab chiqish va takomillashtirishda yordam bergan.
Eslatib o‘tamiz, Dongvuk Li vazir o‘rinbosari sifatida xalqaro standartlar va JSST tavsiyalari asosida sohani kompleks huquqiy tartibga solish, majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etish, tizimni moliyalashtirish va tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik va tibbiy turizmdan foydalanishning eng yaxshi amaliyotlarini yurtimizda qo‘llash, investitsiyalarni jalb etishda qulay shart-sharoitlar yaratish va raqobat muhitini yaxshilash hamda “elektron sog‘liqni saqlash” tizimini keng tatbiq etishga mas'ul hisoblanadi.
Mavzuga oid
18:34 / 01.08.2023
Koreya banki O‘zbekistonni tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash loyihasiga 74 mln dollar ajratadi
09:27 / 31.07.2023
Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filiali tashkil etiladi
09:50 / 21.07.2023
AQSh kompaniyasi O‘zbekiston tibbiyot sohasiga sarmoya kiritishni rejalashtiryapti
09:08 / 10.07.2023