O‘zbekiston | 21:00 / 12.03.2019
3119
3 daqiqa o‘qiladi

2020 yilda O‘zbekistonda sportchilarning natijalarini yaxshilash uchun xizmat qiluvchi Ilmiy tadqiqot markazi ochiladi

Bugungi kunda O‘zbekistonda barcha sohalarda innovatsiyalarga katta e'tibor qaratilmoqda. AIBA va FIFA kabi jahonga mashhur tashkilotlar o‘z faoliyatini rivojlantirishda ilmiy tadqiqotlarga alohida ahamiyat bermoqda, ya'ni g‘alabaga erishish uchun qanday yo‘l tutgan ma'qul, nimalarga ahamiyat qaratish kerak va h.k. Jahon banki so‘nggi vaqtlarda aynan sportda ilm-fanning o‘rnini oshirishga investitsiya kiritmoqda. Xo‘sh, O‘zbekistonda sportda ilm fanning tutgan o‘rni qay darajada? O‘zbekiston sportni rivojlantirishda ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlik qiladimi? Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev Humo Arena ochilishi oldidan o‘tkazilgan media-ivent doirasida Kun.uz muxbirining shu haqidagi savoliga javob berdi.

"Prezidentimiz Jismoniy tarbiya va sport vazirligini tashkil qilish jarayonida sport sohasidagi eng muammoli nuqtalar - ilmiy tadqiqotlar, metodika, sportchilarni tayyorlashga yangicha yondashuvlarga alohida e'tibor qaratganlar. Sportni rivojlantirishga doir besh yillik dasturga asosan, joriy yildan boshlab Jismoniy tarbiya va sport universiteti qoshida maxsus Ilmiy tadqiqot markazi tashkil qilinadi", - deydi vazir.

Dilmurod Nabiyevning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoy davlatining shunga doir tajribasi bilan yaqindan tanishib qaytgan. Endilikda xitoylik mutaxassislar O‘zbekistonga taklif etiladi va Ilmiy tadqiqot markazining ichidagi jihozlaridan tortib to normativ-huquqiy hujjatlargacha ular bilan birga tuziladi.

"Ilmiy tadqiqot markazi 2020 yildan o‘z faoliyatini boshlaydi. O‘ylaymanki, bu kelajakda o‘z samarasini beradi, zero bunda sportchilarni tayyorlashda dunyoda eng keng tarqalgan va yaxshi natijalarni qayd etayotgan uslublar qo‘llanadi", - ta'kidlaydi u.

Eng yaxshi natija bergan ilmiy tadqiqotlar kelgusida federatsiyalar va sportchilarni tayyorlash jarayonlariga tatbiq etiladi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid