O‘zbekiston | 00:35 / 12.03.2019
4672
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Ispaniyaning Paradores mehmonxonalar tarmog‘i tajribasi tatbiq qilinadi

Foto: Press-slujba Goskomturizma Respubliki Uzbekistan

Germaniyada o‘tkazilgan ITB Berlin – 2019 ko‘rgazmasi doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.b. Abdulaziz Akkulov va Ispaniyaning Sevilya shahri meri Xuan Espadas o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Qo‘mita matbuot xizmatidan xabar berilishicha, uchrashuvda madaniy meros obektlarini asrash masalalari hamda bu borada Ispaniyaning mashhur Paradores mehmonxonalar tarmog‘ining ko‘p yillik tajribasi haqida so‘z yuritildi.

Sevilya meri O‘zbekiston tomonning Paradores mehmonxonalarining boshqaruv tizimi hamda ularda yashash davomida madaniy meros obektlarini asrash xususiyatlari bilan tanishishga oid taklifiga ijobiy javob berdi.

Ma'lumot uchun: Paradores de Turismo de España - 1928 yilda Ispaniya qiroli Alfonso XIII tomonidan turizmni targ‘ib qilish maqsadlarida asos solingan lyuks mehmonxonalar tarmog‘i. Bu davlat mehmonxonalar tarmog‘i yiliga 281 million dollar daromad ko‘radi, u yerda 4000 xodim faoliyat yuritadi. Tarmoq tarixiy saroylar, qasrlar, qal'alar, ibodatxonalar va boshqa obektlar bazasida yaratilgan.

Foto: Press-slujba Goskomturizma Respubliki Uzbekistan

Bugunga kelib Ispaniyada mashhur madaniy meros obektlari bazasida yaratilgan 90 ga yaqin Paradores mehmonxonalari faoliyat yuritadi. Shunisi diqqatga sazovorki, ushbu mehmonxonalar faoliyati natijasida madaniy meros obektlari yaxshi holatda saqlanib keladi, ulardan tushgan daromad evaziga esa Ispaniyaning boshqa turistik obektlari restavratsiyasi amalga oshiriladi. Ta'kidlash joizki, bunday mehmonxonalarning o‘ziga xos muhiti tobora ko‘proq sayyohlarni jalb qilmoqda.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid