O‘zbekiston | 23:25 / 13.03.2019
5023
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Xitoy bozoridagi ishtirokini oshirmoqda - Yarn Expo Spring 2019 

"O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi delegatsiyasi Xitoydagi Yarn Expo Spring 2019 ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda, deya xabar beradi uyushma matbuot xizmati. 

12-14 mart kunlari "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi delegatsiyasi hamda mahalliy to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoat ishlab chiqaruvchilari Shanxay shahri (Xitoy)dagi YarnExpoSpring 2019 xalqaro ko‘rgazmasida qatnashmoqda. Ishtirokdan maqsad - mamlakat eksport mahsulotlari ulushini Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida kengaytirish, shuningdek salohiyatli iste'molchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish va ular bilan eksport shartnomalarini imzolash. 

Foto: "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi

Ko‘rgazmada O‘zbekistonning Textile Technologies Group, Surxon Teks, Global Textile Solutions kabi qator kompaniyalari o‘z mahsulotlarini namoyish qildi. 

Yarn Expo Spring 2019 doirasida salohiyatli investorlar bilan uchrashuv va muzokaralar tashkil qilindi hamda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. 

"O‘zto‘qimachiliksanoat" vakillari mazkur ko‘rgazma bilan bir vaqtda yana to‘rt ko‘rgazmada ishtirok etishadi: Intertextile Shanghai Apparel Fabrics - kiyim matolari va aksessuarlar ko‘rgazmasi, Inter Textile Shanghai Home Textiles - uy tekstili ko‘rgazmasi, PH Value trikotaj kiyim-kechaklar va to‘qilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi hamda CHIC modalar ko‘rgazmasi. 

Bu ko‘rgazmalar Xitoyning yetakchi tekstil xomashyo yetkazib beruvchilar bilan aloqa o‘rnatish, shuningdek mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mintaqadagi savdo aloqalarini mustahkamlash va Xitoy bozoridagi ishtirokini oshirish uchun ajoyib imkoniyatdir. 

Foto: "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi

Yarn Expo - yetakchi sorsing platformalaridan biri, unda Osiyo va Yevropa mamlakatlari vakillari o‘zlarining so‘nggi tola va ip kolleksiyalarini  hamda ixtisoslashtirilgan mahsulotlarini namoyish qilishadi. Bu xorijliklar uchun mintaqadagi savdo aloqalarini mustahkamlash va Xitoy bozoridagi ishtirokini oshirish uchun qulay imkoniyatdir. 

Mavzuga oid