21:08 / 14.03.2019
23405

Fotojamlanma: Humo Arena ochilishi arafasida Navro‘z sayli tashkil etildi

Bugun, 14 mart kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi. «Humo Arena» muz saroyining tantanali ochilishi marosimi arafasida tadbir mehmonlari va ishtirokchilari, shuningdek mahalliy va xorijiy OAV vakillari, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari assotsiatsiyasi, Toshkent viloyati hokimligi hamda «Sevimli» telekanali tashabbusi bilan tashkillashtirilgan mazkur Navro‘z bayrami tadbirlarida ishtirok etishdi. G‘oyaga ko‘ra, turli mamlakat vakillarining Navro‘z tadbirlarida ishtirok etishi uzoq tarixga ega bo‘lgan o‘zbek xalqining qadriyatlari haqida chuqurroq tasavvurga ega bo‘lish imkonini beradi.

 Navro‘z saylining barcha ishtirokchilari bayram tadbirlarida ishtirok etish, polvonlar bellashuvini kuzatish, «Yor-yor» va «O‘lanlar» aytishuvlarida qatnashish va albatta bahorning shoh taomi bo‘lmish sumalak tayyorlash jarayoni qatnashchilariga aylanish imkoniga ega. Masxaraboz va dorbozlarning chiqishlari bayram tantanalariga yanada zavq bag‘ishladi. Navro‘z ruhi va taassurotlari mehmonlar qalbidan joy olishida, albatta kirib kelayotgan yilning to‘kinlik, farovonlik ramzi bo‘lgan milliy taomlarning ahamiyati katta.

Bundan tashqari, kino va teatrlarning aktyor hamda aktrisalari Navro‘z tantanalariga yuqori kayfiyat bag‘ishlashdi. Ayniqsa, taniqli aktrisalar Muqaddas Xoliqova hamda Saida Rametovalarni muxlislar qurshab olishdi va birga raqsga, suratga tushishdi. "Ming marta gapirgandan ko‘ra bir marta ko‘rgan yaxshi" deganlaridek, Kun.uz muxbirining Navro‘z saylidan yo‘llagan fotosuratlari bilan bo‘lishamiz.

Top