O‘zbekiston | 08:21 / 15.03.2019
11309
2 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi vazirligi OAV vakillarini noto‘g‘ri ma'lumotlarni e'lon qilmaslikka chaqirdi

Foto: KUN.UZ

Bir qator ommaviy axborot vositalarida “Endi maktabda o‘qimaganga ham attestat beriladi” mavzusida maqolalar e'lon qilindi, deb xabar bermoqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati. 

Mazkur maqolalar bo‘yicha O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirligi izoh berdi. Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi “Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasida umumiy o‘rta ta'limning majburiy ekanligi belgilangan. Umumiy o‘rta ta'lim maktablarining 1-sinfiga bolalar 6-7 yoshdan qabul qilinadi va umumiy o‘rta ta'limning majburiy ekanligi inobatga olib maktablarga o‘quvchilar 18 yoshgacha jalb etiladi.

Shu bilan birga, o‘quvchilarning bilim olish huquqini ta'minlash va ta'limning keyingi bosqichini davom ettirishiga imkoniyat yaratish maqsadida voyaga yetib, maktab yoshidan oshgan, turli sabablarga ko‘ra maktabni yakunlay olmagan yoki majburiy ta'limga jalb etilmay qolgan 18 yoshga to‘lgan fuqarolarga eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyalarni topshirish huquqi beriladi. Yakuniy attestatsiyalarni muvaffaqiyatli topshirgan fuqarolargagina belgilangan tartibda ma'lumot to‘g‘risida hujjat (shahodatnoma) beriladi.

Bu haqida Xalq ta'limi vazirining 2015 yil 13 apreldagi “Eksternat to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 9-mh-sonli buyrug‘i (Adliya vazirligidan 2670 11.05.2015 yil ro‘yxatdan o‘tgan ) qabul qilingan.

Xalq ta'limi vazirligi keng jamoatchilikka umumiy o‘rta ta'limning majburiyligini yana bir bor eslatib o‘tgan. 

Vazirlik OAV vakillarini noto‘g‘ri ma'lumotlarni e'lon qilmaslikka chaqirdi.

Mavzuga oid