Jahon | 21:52 / 20.03.2019
11330
2 daqiqa o‘qiladi

Italiyada o‘quvchilarni olib ketayotgan haydovchi o‘zi boshqargan avtobusga o‘t qo‘ydi

Kelib chiqishi senegallik bo‘lgan, 2004 yilda Italiya fuqaroligini olgan haydovchi 20 mart tush vaqtida Milan yaqinidagi avtomobil yo‘lida o‘zi boshqargan va ichida o‘quvchilar bo‘lgan avtobusga o‘t qo‘ydi. Bu haqda RaiNews24 telekanali xabar berdi.  

Ma'lum qilinishicha, 47 yoshli haydovchi avtobusga benzin sepib, unga o‘t qo‘ygan. Guvohlarning aytishicha, u bu qabih ishini qila turib “O‘rta yer dengizida o‘limlarni to‘xtatmoqchiligini” aytib baqirgan. Ko‘rinishicha, u O‘rta yer dengizi orqali Yevropaga kelish vaqtida Afrika va Yaqin Sharq davlatlaridan bo‘lgan muhojirlarning ko‘plab halok bo‘lishini nazarda tutgan. 

Milan karabinerlari haydovchini qo‘lga olishgan. Avtobusda Krem shahridagi maktab o‘quvchilari va ularga hamrohlik qilgan bir necha katta yoshlilar, jami 51 kishi bo‘lgan. Voqeaga joyiga karabinerlarni o‘quvchilardan biri chaqirtirgan.

Voqea oqibatida hech kim jarohat olmagan. Biroq 12 bola va 2 nafar yoshi katta kishi mahalliy shifoxonaga tutundan zaharlanish alomatlari bilan yetkazilgan.

Voqea joyiga Milan prokurori va karabinerlar qo‘mondoni yetib kelgan. Huquq-tartibot idoralari voqeani tergov qila boshlashgan. Ma'lum qilinishicha, haydovchi avval ham qonun bilan muammolarga ega bo‘lgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid