23:14 / 21.03.2019
15508

Jimmi Karter AQSh prezidentlari o‘rtasida uzoq umr ko‘rish bo‘yicha rekordchiga aylandi

Foto: Eddie Mullholland-WPA Pool/Getty Images

1977-1981 yillar davomida AQSh prezidenti lavozimini egallagan Jimmi Karter AQSh prezidentlari o‘rtasida uzoq umr ko‘rish bo‘yicha rekordchiga aylandi. 21 mart kuni u 94 yosh 172 kunga to‘ldi.

The Atlanta Journal-Constitution nashrining yozishicha, avvalgi rekord AQShning 41-prezidenti Jorj Bushga tegishli bo‘lgan. U 2018 yil 30 noyabrda yoshi 94 yil 171 kun bo‘lganda vafot etgandi.   

Karter AQSh prezidentlari o‘rtasida prezident lavozimidan ketgandan keyin eng uzoq yashash (38 yil 3 oy) bo‘yicha ham rekordni yangiladi. U AQShning 39-prezidenti etib saylanganda 52 yoshda bo‘lgan.   

AQSh prezidentlaridan yana besh nafarigina 90 yildan ko‘proq umr ko‘rgan, ular: Jon Adams, Gerbert Guver, Ronald Reygan, Jyerald Ford va Katta Jorj Bush. Reygan va Ford 93 yoshda vafot etgan.

Hozirda Karterdan tashqari yana 3 sobiq prezident hayot: 72 yoshli Bill Klinton (1993-2001), 72 yoshli Kichik Jorj Bush (2001-2009) va 57 yoshli Barak Obama (2009-2017).

Karter 1924 yil 1 oktyabrda Pleyns shahrida tavallud topgan. U AQSh prezidenti lavozimini 1977 yilda egallagan, 1980 yil noyabrda esa Ronald Reyganga saylovlarda yutqazib qo‘ygan.

Karter Oq uyni 1981 yil 20 yanvarda tark etgach, Atlantadagi Emori universitetida o‘qituvchilik qilgan hamda Karter markazi nohukumat tashkilotiga asos solgan. 

Karterga 2002 yilda tinchlik uchun Nobel mukofoti topshirilgan. U bu mukofotga xalqaro ixtiloflarning tinch yechimlarini topish va demokratiyani ilgari surishdagi sa'y-harakatlarga qo‘shgan ulkan hissasi uchun loyiq topilgan.

Mavzuga oid
Top