Jamiyat | 11:34 / 29.03.2019
1516
2 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vazirligi tizimida «Eng yaxshi kutubxona» va «Eng yaxshi kutubxonachi» tanlovlari o‘tkaziladi

O‘zbekiston mudofaa vazirining buyrug‘iga ko‘ra, vazirlik tizimidagi harbiy qism va muassasalar kutubxonalari o‘rtasida «Yilning eng yaxshi kutubxonasi» hamda «Yilning eng yaxshi kutubxonachisi» ko‘rik-tanlovlari o‘tkaziladi.

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu tanlov harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar ishchi xizmatchilari va ularning oila-a'zolari o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirishga yo‘naltirilgan.

Tanlovning vazifasi Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qism va muassasalar kutubxonalari orasidan eng namunalisini aniqlash, ish tajribalarini ommalashtirish, kutubxonaning harbiy xizmatchilar hayotidagi o‘rni va ahamiyati, mutolaa madaniyatini oshirish, kitobxonlikni targ‘ib qilishda kutubxonaning mavqeini ko‘tarish, kutubxonalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishdan iborat.

Tanlov Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qism va muassasalar kutubxonalari o‘rtasida har yili quyidagi bosqichda tashkil etiladi:

• birinchi bosqich — harbiy okruglar hududida joylashgan harbiy qism va muassasalar kutubxonalari o‘rtasida yilning iyul oyida o‘tkaziladi;
• ikkinchi (final) bosqichi — birinchi bosqich g‘oliblari o‘rtasida yilning avgust oyida o‘tkaziladi.

Tanlov ishtirokchilarini baholashda kutubxonaning bugungi kun talablariga javob berishi, moddiy-texnik bazasi, uning fondi, yangi adabiyotlar, kitobxonlarning jahon va o‘zbek adabiyoti namoyondalarining eng sara asarlarini mutolaa qilish ko‘rsatkichlari kabi mezonlar hisobga olinadi.

G‘oliblar Mustaqillik kuni arafasida qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid