Jahon | 08:28
1442
3 daqiqa o‘qiladi

Reyting: dunyodagi eng yirik 15 ta mudofaa budjeti

2025 yil yakunlariga ko‘ra, tarixda ilk bor eng katta harbiy xarajatlarga ega bo‘lgan o‘n besh davlat jami hisobda mudofaa uchun ikki trillion dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirdi.

Foto: REUTERS

Jahon miqyosidagi umumiy mudofaa xarajatlari ham rekord darajaga — 2,6 trillion dollarga yetdi. Bu esa geosiyosiy ustuvor yo‘nalishlar jiddiy qayta ko‘rib chiqilayotganidan dalolat beradi.

Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, aynan shu o‘n besh davlat harbiy budjetlar o‘sishining asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan. AQSh hali ham xarajatlar miqyosi bo‘yicha mutlaq yetakchi bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, eng sezilarli o‘zgarishlar Yevropada kuzatilmoqda. Bu yerda davlatlar endi faqat mudofaa qobiliyatini saqlab qolish bilan cheklanmay, uni faol ravishda kuchaytirmoqda.

2025 yilda AQShning mudofaa budjeti 921 milliard dollarga yetdi. Bu Xitoy, Rossiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Fransiya va Yaponiyaning jami harbiy xarajatlaridan ham ko‘proqdir.

Istiqbolda Donald Tramp 2027 yilga borib mudofaa xarajatlarini 1,5 trillion dollarga yetkazishni taklif qilgan, ammo bu reja hozircha amalga oshirilmagan. Agar u hayotga tatbiq etilsa, xarajatlar sovuq urush davridagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan real hisobda taxminan 90 foizga yuqori bo‘ladi.

Xitoy 2025 yilda 251,3 milliard dollarlik harbiy budjet bilan dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi. Uning Osiyodagi harbiy xarajatlardagi ulushi 44 foizga yetgan, holbuki 2017 yilda bu ko‘rsatkich 39 foiz edi. Bu mamlakatning mintaqaviy ta’siri tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.

Rossiyaning harbiy budjeti 2025 yilda 186,2 milliard dollarga yetdi. Bu bir yil ichida 40 milliard dollardan ortiq o‘sishni anglatadi va mamlakat YaIMning 7,3 foizini tashkil qildi.

Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasi davom etayotgani va AQSh bosimi fonida Yevropadagi NATO davlatlari 2035 yilga qadar mudofaa xarajatlarini YaIMning 3,5 foizigacha yetkazish majburiyatini oldi. Pul ifodasida bu taxminan 1,2 trillion dollarga teng bo‘lishi mumkin. Bu esa mintaqa uchun sovuq urushdan beri eng yirik harbiy budjetlar o‘sishi bo‘ladi.

Rossiyani hisobga olmaganda, Yevropa dunyodagi eng katta o‘n besh mudofaa budjetidan oltitasiga ega. Ularda Germaniya (107,3 milliard dollar) va Buyuk Britaniya (94,3 milliard dollar) yetakchilik qilmoqda. Ayni paytda, har ikki davlat ham 2024 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda xarajatlarini o‘nlab milliard dollarga oshirdi.

Avval sekin-asta o‘sish bo‘lib ko‘ringan jarayon endi jadal tezlashuvga aylandi: mudofaa rivojlangan iqtisodiyotlarda eng tez o‘sib borayotgan xarajat yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid