O‘zbekiston | 10:45 / 29.03.2019
3018
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston - Latviya siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi 

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 28 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston-Latviya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining 14-raundi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV xabar bermoqda.

Delegatsiyalarga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov va Latviya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining davlat kotibi o‘rinbosari, siyosiy direktori Yanis Majyeykis rahbarlik qildilar.

Maslahatlashuvlarda ikki tomonlama hamkorlik, shu jumladan, BMT doirasida va «O‘zbekiston-Yevropa ittifoqi» shaklidagi aloqalarning bugungi holati va istiqbollari batafsil muhokama qilingan, shuningdek, qator xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashilgan.

Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy va boshqa ko‘rinishda hech qanday muammo mavjud emasligi ta'kidlandi. 1992 yilda diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan buyon turli sohalarda samarali hamkorlikda katta tajriba to‘plangan.

Savdo-iqtisodiy, investitsion aloqalarni chuqurlashtirishga o‘zaro qiziqish bildirildi. Hozirgi vaqtda Latviya O‘zbekistonning Yevropa ittifoqidagi asosiy savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. 2018- ili o‘zaro tovar aylanmasi 429,5 mln. AQSh dollarini tashkil etib, bu o‘tgan yilga qaraganda deyarli 50%ga ko‘p.

Tovar va xizmatlar nomenklaturasini kengaytirish orqali o‘zaro mahsulot yetkazib berishni diversifikatsiya qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shu o‘rinda Toshkent shahrida O‘zbekiston-Latviya Biznes hamkorlik kengashining birinchi majlisini o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etadi.

Turizm, madaniyat, ilm-fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbolli hisoblanadi.

O‘zbekiston-Latviya munosabatlarining butun kun tartibi yuzasidan fikr almashildi va yaqin kelajakda hamkorlikni mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Shu kunning o‘zida O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Latviya delegatsiyasi bilan uchrashdi. Uchrashuvda Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish doirasida hamkorlik yuzasidan fikr almashilgan.

Muzokaralarda Latviya elchisi Mixails Popkovs ishtirok etgan.

Mavzuga oid