Jamiyat | 19:25 / 31.03.2019
9031
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda kitobxonlik tanlovi o‘tkaziladi: Mukofot jamg‘armasi bitta «Spark» avtomobili va 3,2 milliard so‘mdan iborat

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Qo‘shrabot tumanidagi o‘zi tahsil olgan 64-o‘rta ta'lim maktabiga tashrif buyurib, 64-, 41- va 19-maktab o‘quvchilariga kitob sovg‘a qildi.

Viloyat hokimi o‘quvchi yoshlar bilan suhbatlashar ekan, bu xayrli tashabbus haqida so‘zlagan.

«So‘nggi yillarda aksariyat yoshlar kitob o‘qishga qiziqmay qo‘yishgani rost gap. Ular ko‘proq internetdan ma'lumotlar izlashga, yangiliklarni ham onlayn tarzda topib o‘qishga, telefon orqali turli o‘yinlar, suratlar, videolar ko‘rishga moyildirlar. Buning salbiy ta'siri yoshlar tarbiyasi, odob-axloqi, ma'naviyatida zararli iz qoldirishi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlarimizni kitobga qaytarish borasidagi sa'y-harakatlarini barcha yurtdoshlarimiz qatori, men ham qo‘llab-quvvatlayman. Chunki kitob — bitmas-tuganmas xazina, bilim manbai.

O‘quvchi yoshlar bilan uchrashib, kitob o‘qigan odam hech qachon xor bo‘lmasligini, kitobxon qahramonlardek yuksak intilishlari bilan birga yashashi, hayotda qiynalganida, tushkunlikka tushganida ushbu qahramonlar kabi ish tutib, mashaqqatlarni yenga olishi haqidagi fikrlarimni bildirdim. O‘z navbatida, o‘quvchilar ham mutolaa qilgan asarlari, xulosalari haqida yig‘ilganlarga so‘zlab berishdi. Ijodkor yoshlar o‘z ijodlari namunalaridan parchalar keltirib o‘tishdi.

Farzandlarimizning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi, kitobga bo‘lgan mehri qanchalar katta bo‘lsa, ularning madaniyati, ma'naviyati ham tobora yuksalib boraveradi.

Ko‘pgina ota-onalar bolasiga o‘qib beradigan kitoblar uchun alohida vaqt ajratishadi, biroq, hammada ham bunday emas. Iloji boricha, bolaga doimo bir vaqtda kitob o‘qib berish lozim, shundagina ular shu paytni intiqlik bilan kutishadi. O‘qitish esa intizom talab qiladi. Agar bola buni xotirjamlik bilan qabul qilsa, demak bu yaxshi foyda beradi. Kitob ularning tafakkur doirasini kengaytiradi, tasavvur qilish qobiliyatini o‘stiradi, iqtidorini rivojlantiradi.

Biz yoshi kattalar kitob bolalarning fikrlash doirasini kengaytirish bilan birga tarbiya qilishning eng yaxshi usuli hisoblanishini unutmasligimiz lozim. Ma'naviyatni boyitishdagi kitobning o‘rni beqiyosdir. Shu bois barcha yoshi kattalarga murojaat qilib, yoshlarimizni kitob o‘qishga qaytarish borasida o‘z munosib hissalarini qo‘shishga da'vat qilaman», deya hokimning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shundan so‘ng, Samarqand viloyatida kitobsevarlar safini kengaytirish maqsadida quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha tanlov o‘tkazilishi va ularga quyidagi sovg‘alar berilishi e'lon qilingan:

  • viloyatdagi eng yaxshi kitobxon oilaga mukofot — «Spark» avtomobili;
  • Eng yaxshi kitobxon maktab (16ta birinchi o‘rin) — har bir birinchi o‘rinni egallagan maktabga 100 million so‘mdan pul mukofoti (jami — 1,6 mlrd. so‘m);
  • Eng yaxshi kitobxona mahalla (16ta birinchi o‘rin) — har bir birinchi o‘rinni egallagan Mahalla fuqarolari yig‘iniga 100 million so‘mdan pul mukofoti (jami — 1,6 mlrd. so‘m).
Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid