Jahon | 08:14 / 31.03.2019
7945
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreyaning Madriddagi elchixonasiga hujumda Kim Chen Inning jiyani qo‘li borligi ma'lum qilindi

Foto: AFP

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning Malayziyada zaharlangan akasi Kim Chen Namning o‘g‘li Kim Xan Sol Shimoliy Koreyaning Ispaniyadagi elchixonasiga bostirib kirgan guruh rahbariyatiga kirishi mumkin. “Chxollimaning fuqarolik mudofaasi” deb ataluvchi bu guruh fevraldagi voqea uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgandi. Bu haqda anonim manbalarga iqtibos keltirgan holda “Choson Ilbo” nashri xabar berdi. 

Kim Chen Nam 2017 yil Malayziyadagi aeroportda zaharlab o‘ldirilgan. Shimoliy Koreya tashqarisida bu qotillik siyosiy qotillik deb hisoblanadi va u Kim Chen In buyrug‘i bilan amalga oshirilgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinadi.

Ispaniya milliy sudi ma'lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya elchixonasiga hujumda jami 10 kishi ishtirok etgan. Bosqinchilar bir necha soat davomida elchixonadagi odamlarni oyoq-qo‘llarini bog‘lagan holda ushlab turishgan va kaltaklashgan. Ular binodan ikkita kompyuter, ikkita qattiq disk, flesh-to‘plagichlar va mobil telefon olib ketishgan. 

Ta'kidlanishicha, guruh AQShning Federal qidiruvlar byurosi bilan elchixonada qo‘lga kiritilgan muayyan ma'lumot bilan bo‘lishgan.  

Guruh haqida ko‘p narsa ma'lum emas, uning a'zolari soni, bosh qarorgohi qayerda joylashgani haqida ma'lumot yo‘q. 

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid