Jamiyat | 17:14 / 01.04.2019
10039
4 daqiqa o‘qiladi

Musofirlikdagi go‘dak najot izlamoqda. Unga ko‘mak beraylik

Kun.uz caytiga murakkab vaziyatga tushib qolgan turli insonlar murojaat qiladilar. Ammo ular orasida shunday toifalari ham borki, biror najot yo‘li qolmagan, har bir odamga umid bilan mo‘ltiraydi. Ana shunday yurtdoshlarimizdan biri, yosh yigit Rustambek Madaliyev ikki yoshga to‘lmagan farzandi Sultonbek Hayitboyevni quchganicha Hind diyorida yordamga muhtoj bo‘lib turibdi.

Bu safargi xayriya maqolamiz oldingilaridan farq qiladi. Sababi unda muhtojlar bilan bevosita uchrashmaganmiz. Biroq Rustambek Madaliyevning iztiroblarga to‘la maktubini e'tiboringizga havola qilamiz:

“Men Rustambek Madaliyev 29 yoshdaman. Toshkent Arxitektura Qurilish institutida o‘qiyman. Otam 1995 yilda vafot etib ketgan. Oilada onam Madaliyeva Laylo, ayolim Sultonbekova Zulhumor, farzandlarim Hayitboyev Firdavs, Hayitboyev Sultonbek va men yashaymiz. Oilaning yagona boquvchisi menman va kira qilib pul topaman.

Allohning sinovlari ko‘p ekan... O‘g‘lim Hayitboyev Sultonbek 3-darajali mitral klapan yetishmovchiligi tashxisi bilan Pediatriya institutida, kardiologiya bo‘limlarida davolandi. Ahvoli og‘irlashaverganidan keyin bor-budimizni sotib, saxovatli insonlar ko‘magiga tayanib, Hindistonga keldik. Bu yerdagi shifokorlar bolamning bir o‘pkasi ishlamayotganini aniqlashdi va zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizishdi.

Yurakdan avval o‘pkasini operatsiya qilish zarurligi, qolaversa reanimatsiyada yotib qolganimiz uchun butun rejalarimiz buzilib ketdi va olib kelganimizni sarflab qo‘ydik. Endi buyog‘i tavakkalchilik... Onasi ikkimiz bolamizga oynalar ortidan tikilib yig‘laymiz, u ham ko‘zlarini javdiratib bizni izlaydi.

Avvalambor hammasi Allohdan, kimnidir sababchi qilib qo‘yib, karomati kengligi bilan bolamga shifo berishiga ishonaman. Faqat o‘ziga ishonib, mo‘jizasini kutib qolamiz. Agar kimdir menga yordam berish imkoniga ega bo‘lsa, buni qarz deb biling. Farzandim sog‘ayib ketganidan keyin tunu-kun ishlayman, o‘zim ham daromadimdan savobli ishlarga sarflayman, o‘g‘illarimni ham muhtojlarga hamisha yordam berish ruhida tarbiyalayman. Hammamizning mushkullarimizni o‘zi oson qilsin. Hammaga rahmat, Alloh har biringizdan rozi bo‘lsin”. 

Rustambek bilan internet orqali uzoq suhbatlashdik, hol-ahvolini so‘radik. Ham musofirlik, ham o‘zi yoshgina yigitning bolasi tashvishiga tushib qolgani uning qaddini ancha bukib qo‘ygan. Har bir so‘zga mahtal bo‘lib, ilinj bilan tinglaydi, nima qilib bo‘lsa ham farzandining jonini saqlab qolishni o‘ylaydi.

Aziz saxovatpesha yurtdoshlar!

Agar imkoningiz bo‘lsa moddiy, bo‘lmasa duolaringiz bilan musofirchilikdagi yurtdoshimizga ma'naviy ko‘mak bering. Ko‘pning duosi ham, ozginadan yordami ham ko‘p bo‘ladi. Har biringizning yordamingiz sizni ulkan savoblar egasiga aylantirsin...

Bemor Hayitboyev Sultonbekning ammasi Kamola Mirzayeva nomiga ochilgan plastik kartochka:

Click/PayMe: 8600 3329 2823 2846 (Ipotekabank)

Visa: 4097 8310 1083 0390 Kamola Mirzaeva

Telefon raqami: (97) 770-87-16

Abror Zohidov tayyorladi

Mavzuga oid