Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda ilk bor ishchi vaziyatdagi ko‘rgazma o‘z ishini boshladi
Toshkentda O‘zbekistonda ilk marotaba yangi uslubda tashkil etilgan ko‘rgazma UzbekBuild o‘z ishini boshladi. 3-5 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan o‘zbek-turk ko‘rgazmasi Toshkentning DİMAX savdo-ko‘rgazma biznes markazida tashkil etildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda qurilish sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani bois, ushbu ko‘rgazmaning ahamiyati kattadir. Shu sababli qurilish uskunalari, texnikalari va qurilish materiallari namoyish etiladigan Uzbekbuild ko‘rgazmasini tashkil etishda O‘zbekiston Qurilish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zLiDeP Toshkent shahar kengashi hamda MUSIAD’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh qo‘shdi.




Turkiyaning 30dan ortiq qurilish sohasida yuksak natijalarga erishgan kompaniyalari BOĞAZİÇİ İHTİSAS FUARCILIK LİMİTED ŞİRKETİ tomonidan taklif etildi.
E'tiborli tomoni, ko‘rgazma tashkilotchilari ishlab chiqaruvchilarning mijozlarga, xaridorlarga va qurilish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga yanada yaqin bo‘lishini ta'minlash maqsadida Toshkentning Uchtepa tumanidagi yirik sanoat zonalaridan biri hisoblanuvchi DİMAX savdo-ko‘rgazma biznes markazini tanlashdi va bu ilk marotaba shunday vaziyatda o‘tkazilayotgan ko‘rgazma hisoblanadi.
Uzbekbuild ko‘rgazmasining ochilishi marosimiga O‘zbekiston Qurilish vazirligi, O‘zLiDeP Toshkent kengashi vakillari, Turkiya Jumhuriyatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mahmud Surayyo Er va boshqa rasmiy shaxslar ham tashrif buyurdi. Ularning ta'kidlashicha, ushbu ko‘rgazmaning O‘zbekiston qurilish sohasini rivojlantirishda qanchalik muhim o‘rin tutishi, ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash, qurilish mollari savdosi, davlatlar tadbirkorlari orasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.




5 aprelgacha davom etadigan UzbekBuild ko‘rgazmasida Turkiyaning qurilish industriyasi sohasidagi 30dan ortiq yetakchi kompaniyalari ishtirok etmoqda. Unda beton va asfalt zavodlari, betonnasoslar, betonaralashtiruvchi transport vositalari, ko‘tarma kranlar, ekskavatorlar, greyderlar, yuklash mashinalari, maydalovchi-saralovchi uskunalar, bruschatka va spliter bloklar ishlab chiqaruvchi uskunalar, maxsus qurilish texnikalariga ehtiyot qismlari, qoziqlar (svai)ni uruvchi burg‘ilash texnikalari ishlab chiqaruvchilar bevosita ishtirok etmoqda.
Xususan, dunyoning 6 qit'asi, 120 mamlakatida 3500dan ortiq beton zavodlariga ega ELKON kompaniyasi Uzbekbuild ko‘rgazmasiga tashrif buyurganlarga o‘zining eng so‘nggi ishlanmalari va texnologiyalarini namoyish etmoqda. U ko‘chma, ixcham, statsionar va inshootlaroldi beton aralashtirgich uzellardan tashqari, pritsepli betononasoslar, sementni uzatish tizimlari va beton resikling uskunalari, sement uchun siloslar ishlab chiqaradi.




Bundan tashqari, kompaniya maxsus beton zavodlar hamda turli xil temir-beton mahsulotlar, beton devor panellari, beton plitalar, shpal, yo‘lak bruschatkalari, to‘siqlar, quvurlar uchun maxsus vibropresslar, betonni uzatishning turli tizimlarini loyihalashtiradi.
Ko‘rgazmada, yo‘l qurilishiga doir uskuna va texnikalar, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida Turkiyaning yetakchi kompaniyalaridan hisoblanuvchi Marini Makina, Polita Makina va Teknofalt Makina kabilar ham o‘zlari ishlab chiqargan eng so‘nggi rusumdagi va zamonaviy texnologiyalar qo‘llanilgan asfalt zavodlarini taqdim etmoqda.
Bundan tashqari, qurilish buyoqlari, metallga ishlov berish qurilmalari, elektr yoritqich jihozlari va uskunalari, yoritqich ustunlari, isitish tizimi, sovutish va havo aylantirish tizimi, kranlar, yo‘l to‘siqlari, yuk va yo‘lovchi ko‘targichlari, ishlov berish uchun dekorativ materiallar, me'morchilik yechimlari, landshaft dizayni va ko‘kalamzorlashtirish vositalari kabilar ham ko‘rgazmaga kelganlar e'tiboriga havola etiladi.




4 aprel kuni ko‘rgazma doirasida 14:00-17:00da o‘zbek-turk tadbirkorlari o‘rtasida ikki tomonlama V2V korporativ uchrashuvlar tashkil etiladi.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbek-Turk qurilish biznes forumi ham bo‘lib o‘tdi. Forumda beton, asfalt va inert materiallar ishlab chiqarishning eng yangi zamonaviy texnologiyalar haqida ma'lumotlar berilib, ikki mamlakatning qurilish sohasidagi hamkorligini yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Reklama huquqi asosida