O‘zbekiston | 08:52 / 08.04.2019
6957
5 daqiqa o‘qiladi

IIV Xavfsiz turizmni ta'minlash bo‘linmalari tomonidan pullik xizmatlar ko‘rsatish tartibi belgilanadi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining xavfsiz turizmni ta'minlash bo‘linmalari tomonidan shartnoma asosida pullik xizmatlar ko‘rsatish tartibini belgilash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan quyidagilar:

Ichki ishlar organlarining xavfsiz turizmni ta'minlash bo‘linmalari tomonidan shartnoma asosida turistlar va turistik guruhlarni kuzatib borish bo‘yicha pullik xizmatlar ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Ichki ishlar organlarining xavfsiz turizmni ta'minlash bo‘linmalari tomonidan shartnoma asosida moddiy madaniy meros obektlarida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha pullik xizmatlar ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Ichki ishlar organlarining xavfsiz turizmni ta'minlash bo‘linmalari tomonidan shartnoma asosida turistlar va turistik guruhlarni kuzatib borish bo‘yicha pullik xizmatlar ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, turistlarni shartnoma asosida kuzatib borish xizmati O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xavfsiz turizmni ta'minlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan turistlarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida, piyoda va (yoki) maxsus avtotransport vositalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Kuzatuv xizmati turistlarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini turli tajovuzlardan himoya qilish hamda ular transport vositalarida harakatlanishlari davomida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

Kuzatuv xizmati O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tariflarga muvofiq, to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Kuzatuv xizmatini ko‘rsatishga buyurtma berish tegishli ichki ishlar organining Xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasiga jismoniy yoki yuridik shaxs tomonidan og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qilish orqali amalga oshiriladi.

Murojaatda buyurtmachi to‘g‘risidagi ma'lumotlar, turistlar va transport vositalarining soni, ularni kuzatib borish vaqti va marshruti ko‘rsatilishi lozim.

Murojaat XTTB tomonidan qabul qilingan kunning o‘zida ko‘rib chiqiladi va natijasi haqida buyurtmachiga og‘zaki yoki yozma ravishda ma'lum qilinadi.

Quyidagi hollarda kuzatuv xizmatini ko‘rsatish rad etiladi:

ko‘rsatilgan ma'lumotlar buyurtmachi tomonidan to‘liq taqdim etilmaganda;

buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarni o‘rganish natijalariga ko‘ra qonun hujjatlari talablari buzilganligi aniqlanganda;

kuzatuv xizmatini ko‘rsatish marshruti va tashrif rejalashtirilgan hududlar xavfsizlik talablariga javob bermaganda;

kuzatuv xizmatini amalga oshirish uchun yetarli kuch va vositalarni jalb qilish imkoni bo‘lmaganda;

shartnomada nazarda tutilgan to‘lov buyurtmachi tomonidan to‘liq amalga oshirilmaganda.

Kuzatuv xizmatini ko‘rsatish davomida XTTB xodimlari qonun hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining me'yoriy hujjatlari talablariga qat'iy rioya etishlari shart.

Kuzatuv xizmatini tashkil etishda turistlar hamda boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini poymol qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Kuzatuv xizmatini ko‘rsatishdan oldin XTTB tomonidan:

turistlarga O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik talablari va umume'tirof etilgan axloq qoidalariga rioya etishlari hamda xavfsizlik talablari bo‘yicha tushuntirish o‘tkaziladi;

kuzatuvi amalga oshiriladigan turistlarning shaxsi va soni shartnomaga muvofiqligi tekshiriladi;

kuzatib boriladigan transport vositasining texnik sozligi ko‘zdan kechiriladi, haydovchida zarur hujjatlar mavjudligi tekshiriladi hamda u bilan Yo‘l harakati qoidalariga rioya etish va kuzatib borish marshruti bo‘yicha tegishli yo‘riqnoma o‘tkaziladi.

Kuzatuv xizmatini ko‘rsatish davomida uni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan va bartaraf etish imkoni bo‘lmagan favqulodda va muayyan sharoitlarda oldini olib bo‘lmaydigan vaziyatlar (fors-major) kelib chiqqan taqdirda, xizmat ko‘rsatish to‘xtatilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid