Jamiyat | 15:50 / 09.04.2019
14583
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida oq rangga bo‘yab olib chiqib ketilayotgan bir kilodan ortiq tilla to‘xtatib qolindi

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan “Navoiy” chegara bojxona postida zargarlik buyumlarini yashirin tarzda olib o‘tishga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Tadbir davomida O‘zbekistondan mazkur post orqali chiqib ketayotgan Yu.O. xolislar ishtirokida belgilangan tartibda nazoratdan o‘tkazildi. Natijada, u bojxonachilarga ma'lum qilmasdan qo‘lbola usulda oq rangga bo‘yalgan, jami og‘irligi 592,16 grammni tashkil qiluvchi 207,2 million so‘mlik 1 dona zanjir va 2 dona bilaguzukni yashirincha olib o‘tayotgani aniqlandi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Shuningdek, tadbir davomida mamlakatimizdan qo‘shni davlatga chiqib ketayotgan yana bir fuqaro Yu.M. ham xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada, uning egnidagi kiyimidan qo‘lbola usulda oq rangga bo‘yalgan, og‘irligi 601,89 grammni tashkil qiluvchi 210,6 million so‘mlik 1 dona tilla zanjir va 2 dona tilla bilaguzukni yashirincha olib o‘tishga urinishi fosh qilindi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid