Jahon | 08:31 / 09.04.2019
4392
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni yana 2 yilga uzaytirdi 

Foto: EPA

Yaponiya hukumati Shimoliy Koreyaga qarshi kiritgan bir tomonlama sanksiyalarni yana 2 yilga uzaytirishga qaror qildi. Bu haqda Kyodo axborot agentligi xabar berdi.

Bunday qaror qabul qilinishiga Shimoliy Koreya maxsus xizmatlari tomonidan o‘g‘irlangan yaponlar ishi bo‘yicha oldinga surilish yo‘qligi sabab bo‘lgan. Tokio, shuningdek, Shimoliy Koreya yaqin orada to‘liq yadroviysizlanish va ballistik raketalardan voz kechishni amalga oshirmaydi, deb hisoblamoqda. 

Amal qilish muddati 13 aprelda tugaydigan sanksiyalar Shimoliy Koreya 2006 yil oktyabrda yadro sinovlarini o‘tkazgandan keyin kiritilgan. Ular Shimoliy Koreyaga yapon mahsulotlari eksportini va Shimoliy Koreya kemalarining Yaponiya portlariga kirishini taqiqlaydi.

2016 yilda sanksiyalar kengaytirilgan. Ular Yaponiya Shimoliy Koreya bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirganiga qaramay, yana 2 yil amal qiladi. Yaponiya ushbu sanksiyalarni AQSh va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi kelgusi muzokaralardagi mavhumlik ortida qabul qildi. 

Tokio ma'lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya maxsus xizmatlari 1970-yillardan boshlab josuslik maqsadlarida Yaponiyaning kamida 17 fuqarosini o‘g‘irlagan. Shimoliy Koreya faqat 13 ta holatni tan olgan.

O‘g‘irlanganlardan 5 nafari 2000-yillar boshida Yaponiyaga qaytarilgan. Pxenyanning ta'kidlashicha, qolgan 8 kishi vafot etib bo‘lgan.

Yaponiya esa o‘z fuqarolari o‘lgani isbotlarini ishonchli emas deb hisoblab, ularning qaytarilishini talab qilib keladi. Jumladan, isbot sifatida taqdim qilingan qoldiqlar DNKsi o‘g‘irlanganlarning yaqinlari DNKsi bilan mos tushmagan. Yaponiya, shuningdek, u yoki bu sabablarga ko‘ra Shimoliy Koreyaga tushib qolgan boshqa yaponlarning taqdiri tergov qilinishini talab qiladi. 

Mavzuga oid