Toshkent shahri Sergeli tumanida qurilgan ko‘p qavatli turar joy egalari ipoteka to‘lovidan norozi bo‘lishmoqda. Kredit to‘lovi miqdori oshib ketganidan shikoyat qilayotgan yangi uy-joylar sohiblari «O‘zshaharqurilishinvest» MChJ IK bilan asosiy shartnomani imzolashdan bosh tortmoqda.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Shu bilan birga, xonadonlarda yashab kelayotganlar asosiy shartnoma uzoq muddatga tuzilmagani, endilikda aynan oshirilgan narxlar bilan uni imzolash taklif etilayotganini aytishmoqda.
10 aprel kuni vakolatli tashkilotlar mutaxassis va rahbarlari hamda uy-joy egalari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Sergeli tumanida qurilgan va 2018 yildan buyon foydalanishda bo‘lgan xonadonlar taqdiri muhokama qilindi. Xususan, aholi uy-joyni sotib olish bo‘yicha asosiy shartnoma nega oshirilgan narxda taqdim etilayotgani so‘raldi.

«Biz boshlang‘ich badalni amalga oshirganimizda uy-joyning 1 kv.m uchun 2.880.000 so‘m to‘lov mavjudligi aytilgandi. Endi uy narxi kvadratiga taxminan 1 million 100 ming so‘mga oshgan. Avval 160 million so‘mga tushayotgan bo‘lsa, hozirda bu uyning narxi 240 millionga yetgan. Hozir foizi bilan hisoblasa, narx 700-800 millionlarga aylanib ketadi-ku?», — deydi shikoyatchilardan biri.

«O‘zshaharqurilishinvest» MChJ IK ma'lumotiga ko‘ra, prezident qarori bilan Toshkent shahrida 5940ta xonadonga mo‘ljallangan 150ta ko‘p kvartirali uylar qurish belgilangandi. Shundan 229,5 milliard so‘m pul mablag‘lari fuqarolarning boshlang‘ich badal pullari evaziga shakllantirilishi nazarda tutilgan.
Ta'kidlanishicha, «ToshuyjoyLITI» AJ loyiha tashkilotining dastlabki loyiha hujjatlariga asosan kvartiraning maydoniga nisbatan bir kvadrat metrning taxminiy bahosi 2.841.170 so‘m etib belgilangan.











