O‘zbekiston | 13:12 / 11.04.2019
20389
5 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Shermatov prezident maktablari va an'anaviy maktablarga ayricha e'tibor qaratilayotgani haqidagi e'tirozlarga munosabat bildirdi

«Prezident maktablariga qabul qilishda asosiy e'tibor bolaning mantiqiy fikrlashiga qaratiladi»

Kun.uz muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov bilan prezident maktablari, o‘qituvchi - o‘quvchi - ota-ona munosabatlari, o‘qituvchilarning maqomi va xalq ta'limi tizimiga doir boshqa masalalar yuzasidan suhbatlashdi.

Vazir prezident maktablarining an'anaviy maktablardan eng asosiy farqlari, imtihon tartibi haqida ma'lumot berdi.

«Prezident maktablarini tashkil etish tashabbusi ta'lim tizimiga katta o‘zgarishlar olib keladigan tashabbus bo‘ldi. Mamlakatimizdan qancha-qancha allomalar chiqqan. Shuncha allomalarni yetishtirgan yurtdan yana allomalar chiqishi kerak. Prezident maktablarining asosiy vazifasi ham xuddi shu – eng iqtidorli va bilimga chanqoq bolalarni saralab, ta'lim olishi uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish – xorijdan o‘qituvchilar chaqirib, eng zamonaviy metodologiyada ularni tarbiyalash.

Bunday maktablarning dastlabkilari Nukus, Xiva, Toshkent, Namangan shaharlarida ochiladi.

Prezidentimiz keyinchalik alohida prezident universitetini ham tashkil etish, oliy o‘quv yurti darajasini ham yo‘lga qo‘yish vazifasini topshirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik prezident maktablari va an'anaviy maktablarga e'tibor o‘rtasidagi farq haqida turli fikrlar yozdi. Xalq ta'limi tizimida katta islohotlar boshlangan. Islohotlar biror binoni qurish, kompyuter yetkazib berish bilan cheklanib qolmaydi. 

Avvalo, mazmun – o‘quv dasturiga e'tibor qaratiladi. Ta'lim darajasi jihatidan dunyoda yetakchilardan biri Angliya tajribasi asosida prezident maktablarini ochishni maqsad qilganmiz. Prezident maktablarida yiliga nafaqat 24 o‘quvchi saralab o‘qitiladi, balki ushbu maktablarda biz uchun yangi o‘quv dasturidan foydalaniladi. Dastur tuzishda mahalliy o‘qituvchilar xorijlik pedagoglar bilan hamkorlikda o‘z tajribasini oshirish imkoniga ega bo‘ladi. Keyinchalik bu shakldagi dasturlar boshqa maktablarda ham keng tatbiq qilinadi. Prezident maktablari ta'lim sohasidagi islohotlarning lokomotiviga aylanadi.

Angliya ta'lim metodikasi va ingliz tilida o‘qitilsa, o‘quvchilardan vatanparvar chiqmaydi degan fikrga borish kerak emas. Bizning oldimizdagi asosiy vazifa shu – yetuk va vatanparvar yoshlarni tarbiyalash. Prezident maktablarida eng tirishqoq bolalar saralab, yig‘ib olinadi. Ular bir-biriga namuna bo‘lib, bundan ham yaxshiroq natija ko‘rsatishadi. Bu eng kerakli jihat. O‘quvchilarga eng zamonaviy metodika asosida eng yaxshi o‘qituvchilar dars beradi. Kontingent, metodika va o‘qituvchilarning eng saralari – bu prezident maktablarining o‘ziga xos xususiyatlari bo‘ladi.

Prezident maktablari imtihonlari oldidan bizni qiynayotgan masalalardan biri – bu qabulni halol va to‘g‘ri tashkil qilish. Imtihonlarimiz adolatli bo‘lmas ekan, biz oldimizga qo‘yilgan vazifalarga erisha olmaymiz. Imtihon tashkil etish bo‘yicha dunyodagi eng tajribali kompaniyalardan biri – Cambridge Assesment English bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Imtihon kuni, tartibi to‘g‘risida yana aniq ma'lumot taqdim etamiz.

Ingliz tilini o‘rganish haqida tavsiya bergandik, bu degani faqat ingliz tilidan imtihon bo‘ladi degani emas. Ingliz tilini imtihon qiladigan bo‘lsak ham, baholashda mantiqiy fikrlash va masalalarni mustaqil hal etish qobiliyati asosiy o‘rinda bo‘ladi. Ingliz tili sinovi faqatgina ularning bilim darajasini baholash uchun o‘tkaziladi. O‘quvchini qabul qilish yoki qilmaslik bolaning mantiqiy fikrlashi bilan bog‘liq hal etiladi. Ushbu sinovlar o‘zbek tilida ham o‘tkazilishi mumkin.

Biroq yana bir savol yuzaga keladi – imtihon davlat tilida bo‘lsa, savollar tarjimasi bilan shug‘ullangan mutaxassis bu savollarni tashqariga chiqarib yubormaydimi? Buning ham yechimlarini izlayapmiz. Masalan, ingliz tilidagi test savollarini yechishda Angliyada yashayotgan o‘zbek millatdoshlarimiz yordamidan ham foydalansak bo‘ladi.

Cambridge Assesment English imtihonlarining toza va shaffofligi sababli o‘zining ijobiy imijini saqlab kelgan. O‘ylaymizki, kompaniya vakillari aldanib qolish mumkin bo‘ladigan barcha yo‘llarning oldini olishadi», deydi vazir.

Sherzod Shermatov bilan suhbatning to‘liq shaklini Kun.uz’ning YouTube va Mover’dagi sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Mavzuga oid