Kunduzi chiroq yoqib: nega yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha bunday qarorga kelindi?
Kun.uz muxbiri Ichki ishlar vazirligi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i Akmal Yunusov va bosh boshqarma qoshidagi Jamoatchilik kengashi kotibi Mansur Rixsiyev bilan yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan o‘zgarishlar, yo‘l chetidagi radar, mulyajlarning nechog‘li samaradorligi va jarima yozishdagi xatoliklar to‘g‘risida suhbatlashdi.
IIV YHX BB vakillari kunduzgi vaqtda avtomobil chiroqlarini yoqib yurish qoidasi to‘g‘risida izoh berishdi.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
«Bu borada, avvalo, ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganildi. 2016 yil 1 martdan kuchga kirgan yo‘l harakati qoidalarida avtobus va mikroavtobuslar, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi transport vositalariga kunduzgi vaqtda ham yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib yurish majburiy qilib belgilangandi.
Keyinchalik, tahlillar va o‘zgarishlarga asoslangan holda barcha transport vositalari kunduzi yaqinni yorituvchi va kunduzgi signal chiroqlarini yoqib yurishi zarurligi to‘g‘risidagi qarorga kelindi.
Jahon tajribasida chiroqlarni yoqib yurish yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda ijobiy ta'sirini ko‘rsatishi isbotlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan iqlim masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu holatda iqlimiy sharoitlarning hech qanday ahamiyati yo‘q.
Chiroqni yoqib kelayotgan transport vositasini piyoda bo‘ladimi, boshqa haydovchilar bo‘ladimi, uzoq masofadan ilg‘aydi, hushyor bo‘ladi. Shu maqsadda ham bu qoida joriy etilyapti. O‘ylaymizki, bu o‘z natijasini beradi va yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladi», deydi IIV YHX BB matbuot xizmati boshlig‘i Akmal Yunusov.
IIV YHX BB qoshidagi Jamoatchilik kengashi kotibi Mansur Rixsiyev esa ushbu qoida yuzasidan shunday fikr bildirdi:
«Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida»gi 292-sonli qaror chiqqach, kunduz payti avtomobil old chirog‘ini yoqib yurish masalasida ko‘plab murojaatlar bo‘lyapti. Quyoshli yoz kunlarida bu motorning qizib ketishiga sabab bo‘lishidan xavotirlanayotganlarga aytishim mumkinki, hozirgi avtomobillarda buning barcha jihatlari hisobga olingan.
Masalan, mamlakatimizdan ham issiqroq iqlim sharoitiga ega davlatlarda transport vositalari kunduz payti chiroq yoqib yuradi. Old tomonga qarab harakatlanayotgan avtomobil haydovchisi yon tomondan chirog‘ini yoqib kelayotgan transport vositasini ko‘z qiri bilan ham ilg‘ay oladi.
Bularning barchasi xavfsizlik uchun. Jahon tajribasida ushbu amaliyot orqali yo‘l-transport hodisalari 15%gacha kamayishiga erishilgan. O‘zbekiston hududida yiliga 9 mingga yaqin yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan bo‘lsa, uning 15%gacha kamayishi sezilarli raqamni keltirib chiqaradi. Raqamlar ortida esa insonlar hayoti turadi».
Yo‘l harakati qoidalari borasidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi vakillari bilan suhbatning to‘liq shaklini Kun.uz’ning YouTube va Mover’dagi sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
16:29 / 19.11.2024
Qozog‘istonda magistral yo‘lda o‘rtacha tezlikni oshirganlar jarimaga tortiladi
17:51 / 06.10.2024
Yo‘llarda avariyalar ko‘paydi, tezlik haydovchilarni qotilga aylantirmoqda
14:49 / 05.10.2024
Samarqandda boshqa mashinaning raqamini taqib 76 marta qoida buzgan haydovchi ushlandi
11:06 / 28.09.2024