O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2019 yilning 14-15 aprel kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Qasim-Jomart Toqayevni Qozog‘iston Respublikasi prezidenti lavozimiga kirishgani munosabati bilan samimiy tabrikladi hamda Qozog‘istonning zamonaviy taraqqiyotiga va xorijiy davlatlar bilan ko‘p tomonlama aloqalarining rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan davlat arbobi va xalqaro miqyosdagi siyosatchi sifatida uning katta tajribaga ega ekanligini qayd etdi.

Davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasidagi qardoshlik aloqalari va strategik sheriklikni, shu jumladan, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishda Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning muhim rolini alohida ta'kidladilar.

Shu o‘rinda, prezident Q.Toqayev prezident Sh.Mirziyoyevga Qozog‘iston olib borayotgan, o‘zbek-qozoq munosabatlarini va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan tashqi siyosiy kursning davomiyligini ta'minlashga qat'iy ekanligini ta'kidladi.

Muzokaralar davomida prezidentlar an'anaviy do‘stlik, o‘zaro hurmat, ishonch va ochiqlik ruhida ikki tomonlama munosabatlardagi asosiy masalalar, tomonlarni qiziqtiradigan dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolarni muhokama qildilar, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi chuqur tarixiy va ma'naviy aloqalarga, ahil qo‘shnichilik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga asoslangan yaqin va mustahkam do‘stlik munosabatlarining kengayib borayotganligini mamnuniyat bilan qayd etib, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish ikki qardosh xalqning manfaatlariga mos kelishiga ishonch bildirdilar.

Prezidentlar 1998 yil 31 oktyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Shartnoma va 2013 yil 14 iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida strategik sherikchilik to‘g‘risidagi Shartnomada mustahkamlangan prinsip va majburiyatlarga qat'iy sodiq ekanliklarini tasdiqlab, bayonot berdilar. Bayonot matni TIV tomonidan keltirildi:

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozog‘iston Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2017-2019-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik Strategiyasining izchil amalga oshirilishi ikki mamlakat strategik manfaatlarining mushtarakligi asosida iqtisodiy sohadagi o‘zaro foydali va samarali hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.