«Senda ham imkon bor» – para-atletika bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi
Toshkentda para-atletika bo‘yicha O‘zbekiston chempionati start olgan edi. «Senda ham imkon bor» shiori ostida mazkur musobaqa kelasi yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Paralimpiya o‘yinlariga terma jamoa tarkibini shakllantirib olish, nomzodlarni saralash nuqtai nazaridan ahamiyatli edi.
Ikki kun davom etgan bellashuvlar xalqaro para-atletika oilasiga mansub yo‘nalishlarda o‘tkazildi. Kutilganidek, musobaqada Husniddin Norbekov, Doniyor Soliyev, Miran Saxatov, Aleksandr Svechnikov, Temur G‘iyosov, Asila Mirzayorova, Safiya Burxanova, Natalya Semyonova kabi taniqli para-atletlarimiz o‘z yo‘nalishlarida tengsiz ekanliklarini yana bir bor namoyish qildilar.
Ushbu musobaqa Prezidentimiz «Aholining ijtimoiy qatlami bandligini ta'minlashni rag‘batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining ijrosini ta'minlash maqsadida ham o‘tkazilgan bo‘lib, unda Respublikamizning turli viloyatlaridan yangi iqtidor egalari kashf qilindi. Ta'kidlash joiz, ular o‘z natijalari bilan terma jamoaning asosiy tarkib vakillariga munosib raqobatchi bo‘la olishlarini isbotlashdi. Musobaqa yakunida Farg‘ona viloyati vakillari umumjamoa bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, Toshkent shahri ikkinchi, Navoiy viloyati esa uchinchi o‘rinni egalladi.