Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Nizomga ko‘ra, vazirlik avtomobil, temir yo‘l, havo, daryo va elektr transporti, metropoliten va yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish borasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda normativ-huquqiy tartibga solish bo‘yicha davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Vazirlik tizimiga quyidagilar kiradi:

markaziy apparat;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri transport boshqarmalari;

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi;

Fuqaro aviatsiyasi agentligi;

Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi;

Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi;

“O‘zaeronavigatsiya" markazi;

Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi;

Ilmiy-tadqiqot, o‘quv muassasalari va boshqa tashkilotlar.

Quyidagilar vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:

1) transportning barcha turlarini O‘zbekiston Respublikasi yagona transport tarmog‘iga integratsiyalashtirish va yangi samarali transport-logistika tizimlaridan foydalanish asosida birgalikda rivojlantirishga yo‘naltirilgan yagona davlat transport siyosatini ishlab chiqish;

2) transport va logistika xizmatlari bozorini rivojlantirishni rag‘batlantirish, ularning barcha toifadagi iste'molchilar uchun ommabopligini ta'minlash, shuningdek, sohaga investitsiyalarni jalb etishga yo‘naltirilgan transport sohasidagi yagona tarif siyosatini amalga oshirish;

3) xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish, logistika tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va chora- tadbirlarni amalga oshirish, mamlakat transport salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik sub'yektlarining transport-logistika xizmatlaridan foydalanishdagi sarf-xarajatlarini kamaytirish;

4) transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish;