O‘zbekiston | 21:47 / 18.10.2024
4656
6 daqiqa o‘qiladi

Tirbandlik, tramvay loyihasi, haydovchilarga jazo va temiryo‘llarda sifat – transport vaziri bilan intervyu

Ilhom Mahkamovning aytishicha, tirbandlikni to‘xtatib bo‘lmaydi, faqatgina uning tezlashishini sekinlashtirish mumkin. Jamoat transportiga alternativ sifatida tramvay loyihasi ustida ishlanmoqda, vazir undan voz kechilmaganini, ammo avval dolzarb bo‘lgan infratuzilma loyihalari moliyalashtirilishini ma’lum qildi. Shuningdek, u avtobuslar maxsus yo‘lagidan yurgan avtotransport haydovchilari qat’iy jazolanishi, bu borada qonunchilikka o‘zgartirish kiritilayotganini qayd etdi.

18 oktabr kuni Toshkentda “Transport sohasida islohotlar, Davlat xususiy sherikchilik loyihalari va xalqaro hamkorlik jarayonlarining sohadagi o‘rni” mavzusida panel sessiyasi o‘tkazildi.

Unda qator xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan birga O‘zbekiston Transport vazirligi mas’ullari, xususan, vazir Ilhom Mahkamov ham ishtirok etib, so‘nggi vaqtlarda poytaxt ko‘chalaridagi tirbandlik muammosi, jamoat transportiga alternativ sifatida tramvayni qaytarish va avtobuslar uchun maxsus yo‘laklarning nazorati haqida savollarga javob berdi.

[Tirbandlik muammosi] anchadan beri o‘rganib kelinadi. Birinchi navbatda bu shaxsiy transport vositalarining ko‘payib borishi [bilan bog‘liq], tabiiy hol. Ikkinchisi yo‘llarimizning o‘tkazuvchanlik qobiliyatiga nisbatan shaxsiy transportlar ko‘proq. Endi asosiy masala – biz tirbandlikni baribir to‘xtata olmaymiz, faqat tezlashish jarayonini sekinlashtirishimiz mumkin. Jamoat transportidan ko‘proq foydalanish, jozibadorligini oshirish orqali yo‘lovchilarimizni ko‘proq jamoat transportiga tortishimiz mumkin.

Endi o‘zingiz bilasiz, ancha ishlar amalga oshirilyapti. Bugungi kunda infratuzilmada loyihaviy o‘zgarishlar qilinyapti, chorrahalar to‘g‘rilanyapti. Bularning hammasi juda murakkab va ozgina vaqt talab qiladigan ishlar-da. O‘ylaymanki, 1-2 oyda qandaydir natijaga erishish nihoyatda murakkab bo‘ladi.

Madaniyat va foydalanish jihatdan butun jamiyatimiz, yo‘lovchilarimiz, shaxsiy avtotransport haydovchilarning – barchaning hamkorligi kerak. Toshkent shahri misolida aytadigan bo‘lsa, shaharda bittada chorrahalarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, yo‘llarga jamoat transporti harakatlanishi uchun yo‘nalishlarni belgilash – bularning hammasiga albatta katta moliyaviy mablag‘ talab qilinadi. Lekin bizda shahar hokimiyatiga bu sohalarni qilish uchun yilma-yil pul ajratiladi. Lekin pullar ajratilgani bilan bularni fiziologik jihatdan ham qilib bo‘lmaydi. Yilma-yil bitta-bitta ko‘chani to‘g‘rilab kelishyapti. Ilmiy jihatdan ko‘p vaqt ketdi, qaysi uslubda qaysi ko‘chani rekonstruksiya qilish, ya’ni qayta ta’mirlash, qaysi chorrahaga qanday o‘zgarishlar, yengilliklar qo‘llashga vaqt ketdi”, – dedi vazir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, yaqinda davlat rahbariga taqdimot qilingan mavjud Toshkent bosh rejasida ilk marotaba transport masalasi aks ettirilgan. Ya’ni odamlarning ishlash joylari o‘zgaruvchanligi hisobiga qayerda yo‘lovchilarning yig‘ilishi, ko‘payishi, o‘tkazuvchanlik qobiliyatlari – hamma o‘zgarishlar “genplan”da ko‘zda tutilgan va yaqin kunlarda uning qabul qilinishi kutilmoqda.

Shuningdek, vazir jamoat transportiga alternativ sifatida tramvay loyihasidan voz kechilmagani va uning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilayotganini bildirdi.

Transport loyihasi chetga surilmadi, bu loyiha, albatta, bugungi Toshkent shahrining rivojlanishida, yangi va eski Toshkent bog‘lanishiga loyihalashtirilyapti. Lekin bir narsani tushunishimiz kerak, hozir o‘zingiz aytyapsizlarki, chorrahalarni to‘g‘rilashda moliyaviy mablag‘lar ajratilishi-chi, deb.

Biz birinchi navbatda pulni o‘ta dolzarb bo‘lgan infratuzilma loyihalariga ajratishimiz kerak va qadamma-qadam yirik loyihalarga o‘tishimiz kerak deb o‘ylayman. Biz albatta, tramvayni qo‘llash jihatdan texnik-iqtisodiy asoslarini, loyihalarini ishlab chiqyapmiz”, – dedi u.

Mahkamov tramvay liniyalari aynan qaysi hududlarda tushirilishi loyiha amalga oshirilishni boshlaganida e’lon qilinishini ma’lum qildi.

Qolaversa, vazir hozirda qo‘l boshqaruvida ishlayotgan avtobuslar uchun maxsus yo‘laklarning nazorati borasida ham gapirib o‘tdi. Uning aytishicha, jamoat transportining alohida yo‘laklaridan yurgan haydovchilarga nisbatan jazo muqarrar bo‘lishi lozim.

Yo‘l harakatlanish qonunini buzgan haydovchiga nisbatan jazo ham, chora ham ko‘rilishi kerak. Biz IIV bilan hamkorlikda bu ishlarni amalga oshiryapmiz. Lekin tizimli ravishda bunga chek qo‘yish uchun avtobuslarga alohida kameralarni xarid qilyapmiz, kameralarni o‘rnatyapmiz. Va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritish uchun qonunlarga o‘zgartirish kiritganmiz.

Hozir Oliy Majlis Qonunchilik palatasida buning muzokaralari boshlandi. Ulgursak, hozirgi ishlayotgan Qonunchilik palatasi a’zolari bilan qabul qilishga harakat qilamiz. Ulgurmasak, yangisida buni amalga oshiramiz. Lekin bu ishlarni to‘xtatib qo‘ydik degani emas. IIV bilan hamkorlikda bizning Transport inspeksiyamiz doimiy ravishda buning nazoratini olib borishyapti.

To‘g‘risini aytish kerak, 100 foiz “A” polosali yo‘laklarga kirmaslik haydovchilar tomonidan rioya etilayotgani yo‘q. Bu jihatdan ham qat’iyroq choralar ko‘ramiz. Sababi endi jamoat transportiga yo‘lni berishimiz kerak”,– dedi Ilhom Mahkamov.

Transport vaziri bilan bo‘lgan intervyuni yuqoridagi video orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin. Intervyu davomida Mahkamov temiryo‘llarda yo‘lovchi tashish xizmati, poyezd vagonlaridagi sifat masalasi hamda umuman vazirlarning matbuot anjumanlarida nima sabab ko‘rinish bermayotganiga izoh bergan.

Mavzuga oid