O‘zbekiston | 11:29 / 24.04.2019
20872
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev 18 yoshga to‘lmagan shaxsni yollanma sifatida jalb etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish haqida topshiriq berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz bilan birgalikda uch oy muddatda:

a) O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuniga:

bolaga nisbatan ishlatiladigan tazyiq va zo‘ravonliklar turlari hamda uning oldini olishga oid choralarni;

sudgacha va sud jarayonida jinoyat protsessi ishtirokchisi bo‘lgan bolalarni himoya qilishga qaratilgan qo‘shimcha kafolatlarni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni;

b) O‘zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonuniga o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni huquqbuzarlik sodir etganligi uchun profilaktik hisobga olish o‘rniga, ularning jamiyatga moslashuvini ta'minlovchi mexanizmlarni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni;

v) O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsni yollanma sifatida jalb etish, o‘qitish, moliyalashtirish yoki unga boshqa moddiy ta'minot berish, xuddi, shuningdek, undan harbiy to‘qnashuv yoki harbiy harakatlarda foydalanish jinoyati uchun javobgarlikni og‘irlashtiruvchi normalar bilan to‘ldirishni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni;

g) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining odam savdosi uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 135-moddasini Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga doir Fakultativ protokolga (2000 yil 25 may, Nyu-York) implementatsiya qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda kiritadi.

Mavzuga oid