Nagoya iqtisodiyot universiteti (Yaponiya), Biznes huquqi fakulteti professori, «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a'zosi Alisher Umirdinov Kun.uz uchun yozgan maqolasida akademik erkinlik mavzusini yoritish barobarida ilm-fanimizning chuqur inqirozi haqida so‘z yuritadi.

Sohada yuz berayotgan ba'zi ijobiy o‘zgarishlarni tan olgan holda insofli ilmiy doiralarimizni hali-hamon qiynab kelayotgan masalalarni yoritish uchun 5ta dolzarb nuqtaga e'tiboringizni qarataman:

  1. Dunyo davlatlari orasida bellasha oladigan zamonaviy kadrlar tayyorlashni oldinga suryapmiz, ammo olimlarimizning aksariyati chet elni ko‘rmagan.
  2. Akademik darajani dunyo standartlariga chiqarishni o‘ylayapmiz, ammo universitetlarimiz nufuzli chet el oliy dargohlari bilan hamkorlikdagi, erkin o‘tadigan konferensiyalar (ilmiy almashinuvlar) o‘ta kam.
  3. Olimlarimizdan chet el jurnallarida maqolalarni ko‘paytirishni talab qilyapmiz. Biroq ular o‘z ustilarida ishlay olishlari uchun hatto shaxsiy kabinetlari yo‘q. Bundan tashqari, ular hujjatbozlikka ko‘mib tashlangan.
  4. Kadrlarimiz tez o‘zgarayotgan dunyoga mos bo‘lishi va kelib chiqayotgan muammolarga konstruktiv ruhdagi ilmiy yechimlarni o‘rtaga tashlashidan umid qilyapmiz. Ammo universitet o‘qituvchisi hatto o‘zi o‘tayotgan seminar yoki ma'ruza matnini o‘zi erkin shakllantira olmaydi.
  5. Dunyodagi eng kuchli 500ta universitet ro‘yxatini tuzib, ularning diplomlarini tan olishimizni bildirdik. Bu juda yaxshi. Ammo vataniga katta umidlar bilan qaytayotgan yosh vatandosh olimlarga yo‘l bermayapmiz, ularning intellektual mulkini, ilmiy ijodining bir qismini rektor va kafedra boshliqlari o‘zlashtirib olishayotgani holatlari uchramoqda...      

Endi batafsilroq izohlab beraman.

Birinchi nuqta. Tasavvur qiling: Bilag‘on Olimov ismli yosh, chet tilini yaxshi o‘zlashtirgan kafedra o‘qituvchisi Niderlandiyaga xalqaro simpoziumga ma'ruzachi sifatida taklif qilingani haqida xat oladi. Niderlandiyaning Toshkentdagi elchixonasi unga viza berishga rozi. Simpozium tashkilotchilari hatto chipta va mehmonxona xarajatlarini ko‘tarishga ham tayyor. Olimov esa ham xorijni ko‘radi, ham o‘zining ilmiy aloqalarini kengaytiradi, ham yurtimiz ilm-fanini chet elga tanitadi. Qanday yaxshi!

Ammo shoshilmang, aziz o‘quvchi. Universitet rahbariyati bunday holatda qanday yo‘l tutadi, deb o‘ylaysiz? Ruxsat berib, kerak bo‘lsa xodim cho‘ntagiga universitet fondidan pul ham solib, aeroportdan kuzatib qo‘yadi deb o‘ylaysizmi?